“The Nation”: O‘zbekiston va Pokiston iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirmoqda
Yanvar 19, 2026. 15:37 • 2 daq
• 607
ISLOMOBOD, 20-yanvar. /“Dunyo” AA/. Pokistonning yetakchi “The Nation” nashrida “Pokiston va O‘zbekiston 2 milliard AQSh dollarilik savdo hajmiga erishish maqsadida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirmoqda” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shoxrux G‘ulomov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining Islomobod shahriga tashrifi doirasida Pokiston Bosh vazirining sanoat va ishlab chiqarish masalalari bo‘yicha maxsus yordamchisi Horun Axtar Xon bilan o‘tkazgan samarali muzokaralari qalamga olingan.
“Muzokaralar chog‘ida asosiy eʼtibor Pokiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga qaratildi. Horun Axtar Xon O‘zbekiston delegatsiyasini samimiy qarshi oldi va Pokistonning O‘zbekiston bilan savdo, investitsiya va sanoatni rivojlantirish sohalarida hamkorlikni mustahkamlashga bo‘lgan qatʼiy intilishini yana bir bor tasdiqladi. Uchrashuv davomida ikki davlat o‘rtasida jadal rivojlanayotgan diplomatik, iqtisodiy va tijorat aloqalari ko‘rib chiqildi hamda o‘zaro manfaatli sheriklikning yangi yo‘nalishlari muhokama qilindi”, – deyilgan materialda.
Qayd etilishicha, tomonlar Pokiston va O‘zbekiston munosabatlari tobora mustahkamlanib, qamrovi kengayib borayotganini, bu esa har ikki mamlakat rahbariyatining mintaqaviy bog‘liqlik va farovonlikka qaratilgan umumiy qarashlarini aks ettirishini taʼkidlagan.
“Ikki tomonlama savdo hajmini 2 milliard AQSh dollariga yetkazish bo‘yicha belgilangan ustuvor maqsadga erishishda mintaqaviy bog‘liqlikni kuchaytirish hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi urg‘ulandi. Shuningdek, savdo, investitsiya, sanoat va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi. Har ikki mamlakatda barqaror iqtisodiy o‘sishga xizmat qiladigan qo‘shma tashabbuslarni jadallashtirishga kelishib olindi”, – deyilgan “The Nation” maqolasida.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi