O'zbekistonning Markaziy Osiyoni tinchlik va barqaror taraqqiyot mintaqasiga aylantirish qaratilgan tashabbuslari Tojikiston OAV nigohida
Avgust 24, 2024. 13:11 • 2 daq
• 231
DUSHANBE, 24-avgust. /"Dunyo" AA/. Tojikistonning "Avesta" axborot agentligi "O'zbekiston tashabbuslari Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlashga xizmat qiladi" sarlavhali maqolani tarqatdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Markaziy Osiyo o'zining boy tabiiy resurslari, strategik joylashuvi, iqtisodiy, transport va logistika imkoniyatlari bilan doimo jahon va mintaqaviy davlatlarning diqqat markazida bo'lib kelgan", – deyiladi materialda.
Qayd etilishicha, mintaqaning zamonaviy tarixida sifat jihatidan yangi davr 2016 yilda Shavkat Mirziyoyevning O'zbekiston Prezidenti etib saylanishi bilan boshlandi.
Shu nuqtai nazardan, Prezident Shavkat Mirziyoyev ilk xorijiy tashriflarini qo'shni davlatlarga qilgani ham chuqur ramziy ma'noga ega.
"Qo'shnilar bilan o'zaro kelishuvga erishilib, tezda chegaralardagi nazorat-o'tkazish punktlari ishi tiklandi, Tojikiston bilan viza rejimi bekor qilindi, avvallari uzilib qolgan temir yo'l, havo va quruqlikdagi transport aloqalari qayta yo'lga qo'yildi", deb yozgan axborot agentligi.
Bundan tashqari, 2017-yil 19-sentyabrda O'zbekiston yetakchisi BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so'zlagan nutqida, O'zbekiston Markaziy Osiyoning markazida joylashgani uchun mintaqaning tinchlik, yaxshi qo'shnichilik, barqaror rivojlanish va taraqqiyot markaziga aylanishidan manfaatdor ekanligini ta'kidladi. Shuningdek, tinch, iqtisodiy farovon Markaziy Osiyo – O'zbekistonning eng muhim maqsadi va asosiy vazifasi ekanligi alohida qayd etildi.
Ta'kidlanishicha, O'zbekiston rahbari global, mintaqaviy va boshqa xalqaro platformalardagi chiqishlari doirasida mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash, shuningdek, Markaziy Osiyoni tinch taraqqiyot, barqarorlik va yaxshi qo'shnichilik zonasiga aylantirishga qaratilgan tashabbuslarni muntazam ravishda ilgari suradi.
Maqola yakunida "Umuman olganda, so'nggi yetti yil davomida Markaziy Osiyoning ichki geosiyosiy landshaftida islohotlar yuz berganini, bunda o'zaro ishonchni oshirish, mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash tendensiyalari ustunlik qilganini qayd etish mumkin", – deb ta'kidlangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi