BMT: Samarqand sammiti bolalar farovonligini himoya qilishda yangi ustuvor vazifalarni belgilab berdi

Oktabr 28, 2026. 08:10 • 2 daq

• 292
BMT: Samarqand sammiti bolalar farovonligini himoya qilishda yangi ustuvor vazifalarni belgilab berdi

JENEVA, 28-oktabr. /“Dunyo” AA/. Birlashgan Millatlar Tashkilotining rasmiy axborot portalida Samarqandda o‘tkazilgan Butunjahon sammiti va O‘zbekistonning bolalarni himoya qilish sohasidagi islohotlariga bag‘ishlangan maqolae’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Bolalar farovonligiga investitsiyalar” mavzusidagi sammit 21–22-oktabr kunlari O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT tuzilmalari, YUNISEF, JSST va Jahon banki ishtirokida tashkil etildi. Forum 100 dan ortiq mamlakatdan 600 nafardan ziyod ishtirokchini bir joyga jamladi.

BMT Bosh kotibi o‘z murojaatida bolalarga kiritilayotgan sarmoyalar — bu kelajakka qo‘yilgan investitsiya ekanini alohida ta’kidladi. BMT Bosh Assambleyasi Raisi esa siyosiy majburiyatlarni sog‘liqni saqlash, ta’lim va ijtimoiy himoya dasturlarini moliyalashtirish orqali mustahkamlashga chaqirdi.

Maqolada O‘zbekistonda amalga oshirilgan ijtimoiy islohotlar alohida qayd etilgan. Maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 2017-yildagi 27 foizdan 2026-yilda 78 foizga yetdi, 10 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan bolalar umumta’lim muassasalarida o‘qimoqda hamda 1,5 millionga yaqin oilaga ijtimoiy yordam ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, bolalar qashshoqligini qisqartirish, 2025-yilda qabul qilingan bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun va 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan harakatlar strategiyasi ham tilga olingan.

O‘zbekiston Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva gumanitar yordamning qisqarishi va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq holda bolalar farovonligiga tahdid solayotgan omillarga e’tibor qaratdi. Keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, qariyb bir milliard bola iqlim o‘zgarishlariga eng ko‘p moyil bo‘lgan mamlakatlarda yashaydi.

Sammit doirasida “Davolashdan farovonlikka sari” shiori ostida o‘tkazilgan Bolalar onkologiyasi va gematologiyasi bo‘yicha II xalqaro kongressga ham alohida e’tibor qaratilgan. Portal, shuningdek, Toshkent shahridagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazida uzoq muddatli davolanishda bo‘lgan 2 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga o‘qishni davom ettirish imkonini beruvchi “Mehrli Maktab” dasturini ham yuqori baholadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish