Logo

O‘zbekiston–Vengriya munosabatlari strategik sheriklik asosida tobora rivojlanmoqda

Yanvar 19, 2026. 14:32 • 3 daq

269
O‘zbekiston–Vengriya munosabatlari strategik sheriklik asosida tobora rivojlanmoqda

BUDAPESHT, 21-yanvar. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning nufuzli “Eurasia” jurnalida “Sharqqa ochilish” siyosatining 15 yilligiga bag‘ishlab maxsus maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Materialda yozilishicha, “Sharqqa ochilish” siyosati Vengriyaning tashqi iqtisodiy va tashqi siyosiy strategiyasi bo‘lib, 2010-yilda Bosh vazir Viktor Orban hukumati hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng amalga oshirilgan. Bu saʼy-harakatlar mamlakatning xalqaro aloqalarini diversifikatsiya qilish, Sharq va Janub mamlakatlari bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan.

O‘zbekiston va Vengriyani chuqur tarixiy ildizlar birlashtiradi. Ularning o‘zaro manfaatlari va madaniy aloqalari qadim zamonlardayoq boshlangan va o‘shandan beri asrlar osha ko‘zga ko‘rinmas ip bo‘lib cho‘zilgan.

Mashhur venger sharqshunoslari Armin Vamberi va Aurel Shteyn XIX–XX asrlarda Markaziy Osiyo bo‘ylab sayohat qilib, o‘z asarlarida mintaqa xalqlarining anʼanalari va urf-odatlarini batafsil tasvirlab bergan. Ularning tadqiqotlari o‘zbek va venger xalqlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning bugungi rivoji bilan chambarchas bog‘liq.

Keyingi yillarda O‘zbekiston – Vengriya munosabatlari yangi surʼat kasb etib, jadal rivojlanmoqda. Mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona va ishonchli aloqalar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning shaxsiy saʼy-harakatlari tufayli sezilarli darajada mustahkamlandi va tarixiy darajaga yetdi.

Vengriya O‘zbekistonning Yevropadagi birinchi raqamla strategik hamkoriga aylandi. Ushbu sheriklik tarixiy aloqalarni mustahkamlash, ishonchli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga o‘zaro sodiqlikni taʼkidlaydi.

Bugungi kunda O‘zbekiston – Vengriya munosabatlari faol tashriflar va oliy darajadagi uchrashuvlar bilan ajralib turadi. Mamlakatlarimiz yetakchilari ham ikki tomonlama, ham xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida muntazam muloqot olib bormoqda.

Biz barcha darajalarda ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga intilamiz. Ikki mamlakat parlamentlari O‘zbekiston–Vengriya munosabatlarini kengaytirishda faol ishtirok etmoqda. Vazirlik va idoralar vakillarining muntazam uchrashuvlari o‘zaro manfaatlarga muvofiq hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda.

Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyyarto so‘nggi yillarda O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurdi. 2023-yilda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonasining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etdi. Bu ikki tomonlama munosabatlar uchun muhim voqea bo‘ldi. 2025-yilda O‘zbekistonning Vengriyadagi birinchi elchisi tayinlangan.

Bugungi kunda tashqi ishlar vazirliklari davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirishda harakatlantiruvchi kuch bo‘lib, O‘zbekistonning ufqlari va imkoniyatlarini kengaytirishda muhim rol o‘ynamoqda.

Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlashga ustuvor ahamiyat qaratildi. Vengriya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo hajmi sezilarli darajada oshdi. Vengriyaning yirik kompaniyalari O‘zbekiston bozorida faol ishlamoqda.

Mamlakatlarimiz hududlari o‘rtasidagi aloqalar kengayib borayotgani alohida eʼtiborga loyiq. 2025-yilda Samarqand viloyati va Vengriyaning Chongrad-Chanad viloyati o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilgan edi. Huddi shunday hamkorlik Jizzax viloyati va Jo‘r-Mo‘shon-Shopron, Farg‘ona viloyati va Borshod-Abauy-Zemplen viloyatlari o‘rtasida ham rivojlanmoqda.

Tarixiy rishtalar, o‘zaro hurmat va mushtarak maqsadlar yo‘lidagi mustahkam sheriklikka asoslangan zamonaviy O‘zbekiston-Vengriya munosabatlari mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo‘lida yanada yaqin hamkorlik uchun istiqbollar ochmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish