“Malatiya Birlik” gazetasi: Ota yurtga albatta borib ko‘ring! O‘zbekistonda Anadolu, Anadoluda esa O‘zbekiston borligiga guvoh bo‘lasiz
Yanvar 17, 2026. 15:38 • 3 daq
• 261
ANQARA, 21-yanvar. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning “Malatiya Birlik” gazetasida yurtimizga kelgan turk tadqiqotchisi, dotsent Devrim Alkayaning sayohat taassurotlari haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, Devrim Alkaya tashrif davomida O‘zbekiston va Anadolu o‘rtasidagi mustahkam tarixiy-madaniy asoslarga guvoh bo‘lganini taʼkidlagan. U har ikki mamlakatning bugungi kunda ham ko‘plab mushtarakliklari mavjudligini alohida qayd etgan.
Turk tadqiqotchisining aytishicha, O‘zbekiston va Anadolu turkiy dunyosining ikki muhim halqasi hisoblanadi. Anadoludagi turklarning ajdodlari katta qismi Markaziy Osiyodan, xususan, hozirgi O‘zbekiston zaminidan ko‘chib kelgan. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston – turk-islom sivilizatsiyasining beshigi, Anadolu esa – sivilizatsiya rivojlanib, ildiz otgan markaz sanaladi.
Til va qadriyatlardagi o‘xshashliklarga ham eʼtibor qaratgan turk olimi “O‘zbek va turk tillari ayni til oilasiga mansubligi sabab “ona”, “ota”, “suv”, “non”, “yo‘l”, “tog‘” kabi ikkala jamiyatda ham keng qo‘llaniladigan so‘zlarning o‘xshashligini maʼlum qilgan.
Anʼana va urf-odatlarda ham umumiy jihatlar bisyor. Mehmondo‘stlik, kattalarga hurmat va mustahkam oilaviy rishtalar ikkala jamiyatning asosiy qadriyatlari qatoriga kiradi. To‘ylar, festivallar va anʼanaviy urf-odatlardagi marosimlar ham deyarli bir xil.
Devrim Alkaya o‘z taassurotlarida o‘zbek-turk gastronomiyasidagi yaqinlikka ham alohida to‘xtalib o‘tgan. U guruchli taomlar, kabob va xamir ovqatlar ikkala mintaqada ham muhim o‘rin tutishini aytadi. Uning taʼkidlashicha, dasturxon odatlari hamda birga ovqatlanish anʼanasi ham o‘zbek va turk madaniyatidagi umumiy qadriyatdir.
“Hunarmandchilik va badiiy sanʼat tushunchalarimizda ham ajoyib o‘xshashliklar bor. Gilamchilik, kashtachilik, yog‘och o‘ymakorligi va masjid meʼmorchiligida umumiy izlarni ko‘rish mumkin. Baʼzi o‘zbek masjidlari hatto Anadoludagi, ayniqsa, Denizli mintaqasidagi masjidlarga juda o‘xshash”, deydi turkiyalik olim.
Devrim Alkaya baʼzi tarixchilarning “O‘zbekiston” nomining etimologiyasi borasidagi fikrlarga ham to‘xtalar ekan, “O‘z” so‘zi biz turklar uchun muhim bo‘lgan “O‘g‘uz” atamasini yodga soladi. Bu talqin tarixiy aloqalarimizga alohida mazmun bag‘ishlaydi. Qolaversa. Anadoluning ko‘plab hududlarida Xorazm (Xorzum) kabi toponimlar borligi, bugungi Xorazmda esa Turkiyaning viloyatlaridan bo‘lgan Karaman (Qoramon) nomli qishloqning mavjudligi tasodif emas” deydi olim.
Maqola yakunida Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash zarurligini bildirgan olim, turkiyalik gazetxonlarni Ota Yurtga chorlab, “Albatta borib ko‘ring! O‘zbekistonda Anadolu, Anadoluda esa O‘zbekiston borligiga guvoh bo‘lasiz” deb xulosa qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi