O‘zbekiston ASЕANning Do‘stlik va hamkorlik shartnomasiga qo‘shilishni rejalashtirmoqda

Iyun 20, 2026. 19:00 • 2 daq

164
O‘zbekiston ASЕANning Do‘stlik va hamkorlik shartnomasiga qo‘shilishni rejalashtirmoqda

KUALA-LUMPUR, 20-iyun. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston iyul oyida Manilada bo‘lib o‘tadigan ASЕAN Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida Janubi-Sharqiy Osiyoda do‘stlik va hamkorlik shartnomasidagi ishtirokini rasmiylashtirish niyatida, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Malayziyaning “Bernama” rasmiy axborot agentligiga tayanib.

Yurtimizning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyevning ma’lum qilishicha, rasmiy Toshkent mazkur hujjatning imzolanishiga katta ahamiyat qaratmoqda va ushbu jarayon joriy yilning iyul oyida Manilada bo‘lib o‘tadigan ASЕAN Tashqi ishlar vazirlarining rasmiy uchrashuvi doirasida rasmiylashtirilishi kutilmoqda. Ta’kidlanishicha, ASЕANga a’zo davlatlar deyarli bir yillik tayyorgarlik va siyosiy-diplomatik muzokaralardan so‘ng O‘zbekistonning shartnomaga qo‘shilishini to‘liq ma’qulladilar.

Kuala-Lumpurda o‘tgan “HUITM — Umra plyus 2026” xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi chog‘ida elchi ushbu qadam O‘zbekistonning ASЕANga a’zo barcha mamlakatlar bilan aloqalarida yangi tarixiy sahifa ochishini qayd etdi. Xususan, mazkur shartnoma sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm, bank-moliya va xizmat ko‘rsatish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda yirik iqtisodiy loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

O‘zbekiston mintaqaviy tashkilot bilan aloqalarini kengaytirar ekan, Malayziyani Janubi-Sharqiy Osiyo bozoriga olib kiruvchi asosiy “ko‘prik” va strategik darvoza sifatida ko‘radi. Bugungi kunda yurtimizda Malayziya sarmoyasi ishtirokida qariyb 50 ta qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda va qiymati bir necha yuz million dollardan ziyod bo‘lgan 40 dan ortiq istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ikki tomonlama investitsiyaviy hamkorlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, neft-kimyo, energetika, elektrotexnika va elektron sanoati kabi yuqori texnologiyali tarmoqlarni qamrab olgan. Bundan tashqari, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda zamonaviy turizm infratuzilmasini rivojlantirish, xususan, jahon standartlariga mos mehmonxonalar va golf-klublar barpo etish bo‘yicha Malayziyaning yetakchi kompaniyalari bilan faol muzokaralar olib borilmoqda.

1976-yilda ta’sis etilgan Do‘stlik va hamkorlik shartnomasi (TAC) Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasidagi davlatlararo munosabatlarning asosiy xulq-atvor kodeksi hisoblanib, tinch-totuv yashash, suverenitetni o‘zaro hurmat qilish va teng huquqli hamkorlik tamoyillarini o‘zida mujassam etadi. Bugungi kunga kelib dunyoning 58 ta davlati ushbu hujjatni imzolagan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish