Logo

O‘zbekiston Prezidentining AQShga tashrifi Turkiya tahlil markazlari diqqat eʼtiborida

228
O‘zbekiston Prezidentining AQShga tashrifi Turkiya tahlil markazlari diqqat eʼtiborida

ANQARA, 23-fevral. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning yetakchi tahlil markazlaridan biri – Strategik fikrlash instituti (SDE) O‘zbekiston Prezidentining AQShga tashrifi doirasidagi iqtisodiy kelishuvlarga alohida eʼtibor qaratdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

SDEning qayd etishicha, O‘zbekiston yetakchisining AQSh Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan Vashingtonga tashrifi doirasida ikki mamlakat o‘rtasida investitsiya platformasi yo‘lga qo‘yilgan. Muzokaralarda energetika, muhim minerallar, transport, sug‘orish va agrosanoat sohalarida milliardlab dollarlik yangi loyihalar muhokama qilingan.

Tomonlar energetika, muhim minerallar, transport, qishloq xo‘jaligi, sug‘orish tizimlari va axborot texnologiyalari kabi sohalarda yangi kelishuvlarni boshlashga qaratilgan investitsiya mexanizmi rasman kuchga kirganini eʼlon qildi. Davosda bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumida ushbu platformani tashkil etish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolagan edi.

So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar sezilarli darajada kengayib bormoqda. O‘tgan yili ikki tomonlama savdo hajmi 1 milliard dollardan oshgani va O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan AQSh kompaniyalari soni taxminan 340 taga yetgan. Energetika, muhim minerallar, transport, qishloq xo‘jaligi va texnologiya sohalarini qamrab oluvchi 35 milliard dollarlik uch yillik iqtisodiy hamkorlik dasturi amal qilmoqda.

O‘zbekiston–AQSh investitsiya platformasini tashkil etish to‘g‘risidagi kelishuv Amerika eksport-import banki (Eksimbank) va Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) rahbariyati bilan muzokaralardan so‘ng rasman tasdiqlandi. Mexanizm ustuvor loyihalarni tizimli qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekiston hukumati hamda AQSh taraqqiyot moliya institutlari va xususiy investorlar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni kuchaytirishga qaratilgan.

Belgilangan doirada, AQSh Eksimbanki yuqori texnologiyali uskunalar eksportini qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga olgan yirik sanoat va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishni ko‘paytirishi kutilmoqda. DFC bilan muzokaralar, xususan, energetika va moliya bozorini rivojlantirish sohalaridagi milliy va mintaqaviy loyihalarda ishtirok etish rejalariga qaratildi.

AQSh Savdo vaziri Xovard Lutnik bilan uchrashuvida Shavkat Mirziyoyev energetika, muhim minerallar, transport, qishloq xo‘jaligi va axborot texnologiyalari sohalarida sektoral hamkorlikni kengaytirish va AQSh kompaniyalarining loyihalarda ishtirokini qulaylashtirish masalalarini muhokama qildi.

Imzolangan hujjatlar yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini yaratish, purkagichli sug‘orish tizimlarini ishga tushirish, muhim minerallarni qazib olish va yetkazib berish hamda parrandachilik klasterlarini yaratish kabi muhim loyihalarni qamrab olishi bilan eʼtiborlidir. Xabarlarga ko‘ra, qo‘shimcha kelishuvlar qishloq xo‘jaligi sanoatini rivojlantirish, moliyaviy bozorlarni kengaytirish va investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish