Logo

JIDUda Turkiy davlatlar tashkiloti modelining simulyatsiyasi bo'lib o'tdi

Aprel 30, 2025. 16:24 • 2 daq

237
JIDUda Turkiy davlatlar tashkiloti modelining simulyatsiyasi bo'lib o'tdi

TOSHKENT, 30-aprel. /"Dunyo" AA/. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida (JIDU) Turkiy davlatlar tashkiloti formatida akademik simulyatsiya — TDT Modelining ochilish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uning maqsadi yoshlar orasida turkiy davlatlar o'rtasidagi mintaqaviy hamkorlik va birdamlik g'oyalarini ommalashtirish, shuningdek, ularni siyosiy muloqot hamda xalqaro diplomatiya tamoyillari bilan tanishtirish hisoblanadi.

 "Turkiy birdamlik: barqaror kelajak sari yangi qadamlar" mavzusiga bag'ishlangan tadbirni Zoom orqali Istanbuldagi TDT bosh qarorgohidan O'zbekiston vakili Murodjon Mustofayev ochib berdi.

Simulyatsiya davomida turkiy davlatlar yetakchilari sifatida ishtirok etuvchi talabalar siyosat, iqtisod, xavfsizlik va energetika kabi muhim sohalarda muzokaralar olib borishdi. Rolli o'yin ishtirokchilari "o'z" mamlakati pozitsiyasi, asosli yondashuv va strategik qarashlarini namoyish qilib, o'zlarini isbotlashga bor kuch-g'ayratini bildirishdi.

"Sammit" davomida TDT mamlakatlari delegatsiyalari asosiy e'tiborni mintaqaviy muammolarga qaratdi, ularni hal etish bo'yicha takliflar ishlab chiqdi va xalqaro miqyosda kelishuvlarga erishdi.

Haqiqiy diplomatik formatdagi muzokaralar yakunida "Toshkent deklaratsiyasi – 2025" qabul qilindi. Hujjat talabalar tomonidan ishlab chiqilganiga qaramay, unda Turkiy davlatlar tashkiloti bugungi kunda vujudga kelayotgan yangi dunyo tartibi va xalqaro institutlar tizimida muhim o'rin tutayotgani ta'kidlab, haqiqiy siyosiy muloqot elementlarini o'z ichiga olgan.

Tashkilotchilarning fikricha, Turkiy davlatlar tashkiloti modeli yoshlarda yetakchilik salohiyati, diplomatik muloqot madaniyati va xalqaro muammolarga tizimli yondashishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish