Logo

Toshkentda BMTning mahkum ayollar bilan muomala qilish qoidalari bo'yicha trening bo'lib o'tmoqda

Iyul 31, 2024. 14:46 • 2 daq

792
Toshkentda BMTning mahkum ayollar bilan muomala qilish qoidalari bo'yicha trening bo'lib o'tmoqda

TOSHKENT, 31-iyul. /"Dunyo" AA/. 29-31-iyul kunlari Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Milliy markazi tomonidan mamlakatimizdagi yopiq muassasalar va qamoqxonalarda qiynoqlar, g'ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazolarning oldini olishda genderga asoslangan yondashuvlardan foydalanish bo'yicha uch kunlik o'quv treningi o'tkazilmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

Milliy markazi matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, mashg'ulotlar O'zbekiston Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti hamkorligida va YXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ko'magida tashkil etildi.

Treningda Jizzax, Samarqand, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari jazoni ijro etish tizimining 28 nafari xodimi ishtirok etmoqda. Shuningdek, mashg'ulotlarda O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Milliy ijtimoiy himoya agentligining Sirdaryo viloyati Xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi vakillari qatnashmoqda.

Bangkok qoidalari, ya'ni rasman "BMTning Mahbus ayollar uchun ozodlikdan mahrum etish bilan bog'liq bo'lmagan jazo choralarini qo'llashga taalluqli qoidalari" deb nomlangan xalqaro-huquqiy hujjat BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2010-yilda qabul qilingan. Ushbu qoidalar jinoiy odil sudlovga gender jihatidan nozik yondashuvni va mahkuma ayollarning o'ziga xos ehtiyojlari va huquqlari hisobga olinishini ta'minlash yo'lidagi muhim qadam hisoblanadi.

Tinglovchilar Bangkok qoidalari asosida o'z nazariy bilimlarini oshirdi. Ayni vaqtda voyaga yetmaganlar va ayollarni qamoqda saqlash bo'yicha xalqaro tajribaga oid amaliy ko'nikmalarni egallamoqda.

O'zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markazi direktori Akmal Saidov tadbirni ochib berar ekan, mamlakatimizda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim jihatlari haqida muxtasar ma'lumot berdi.

Akmal Saidov o'z taqdimotida fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya etilishi hamda ushbu huquqlarning himoya qilinishini ta'minlash bo'yicha yaratilgan qonunchilik, institutsional, ta'lim va monitoring asoslari, insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etilishi ustidan o'rnatilgan nazorat tizimining mohiyati hamda ahamiyati haqida gapirdi. Shuningdek, inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro va mintaqaviy mexanizmlarini ishlab chiqishga qaratilgan islohotlarning tizimliligi va izchilligi, xalqaro inson huquqlari tashkilotlari bilan hamkorlik borasida olib borilayotgan ishlar xususida to'xtaldi.

Uch kunlik trening yakunida tinglovchilarga tegishli sertifikatlar topshiriladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish