Logo

YUNESKO qarorgohida o'zbek xalqining choy ichish bilan bog'liq an'analari taqdim etildi

Iyun 22, 2025. 11:47 • 2 daq

107
YUNESKO qarorgohida o'zbek xalqining choy ichish bilan bog'liq an'analari taqdim etildi

PARIJ, 22-iyun. /"Dunyo" AA/. Fransiya poytaxtida joylashgan YUNESKO qarorgohida 21-may – Xalqaro choy kuni munosabati bilan bayram tadbiri o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbir O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Ozarbayjon, Turkiya, Yaponiya, Indoneziya, Vyetnam, Shri-Lanka va Bangladeshning YUNESKOdagi Doimiy delegatsiyalari bilan birgalikda tashkil etildi. 

Ishtirokchilarga O'zbekiston madaniyati, choyning o'ziga xos navlaridan tortib hunarmandchilik, to'qimachilik, kulolchilik, zargarlik buyumlari va o'zbek milliy musiqasi bilan yaqindan tanishish imkoniyati taqdim etildi.

Shuningdek, bayram mehmonlari e'tiboriga Marg'ilon hunarmandlari tomonidan qo'lda to'qilgan mashhur Marg'ilon atlasi va adrasidan tortib, Rishton kulollarining mahalliy qizil loydan qadimiy texnologiyalardan foydalangan holda yasalgan kosa va boshqa uy ro'zg'or buyumlari taqdim etildi.

 O'zbek milliy matolarining rang-barang turlari, milliy kashtachilik san'ati namunalari hamda mamlakatimizning moddiy merosini aks ettiruvchi mahsulotlar yig'ilganlarga katta taassurot qoldirdi. Ulardagi har bir ip va naqsh bir necha avlodga borib taqaladigan hunarmandlar sulolalari o'rtasida ko'prik bo'lib, ko'p asrlik an'analarni asrab-avaylash va davom ettirishga xizmat qilmoqda.

O'zbek choyi taqdimotiga alohida e'tibor qaratildi. Ishtirokchilar xalqimizning an'anaviy choy ichish an'analari bilan tanishdilar. Bunda choy nafaqat ichimlik sifatida, balki mehmondo'stlik, an'ana va urf-odatlar ramzi sifatida ham qabul qilinishini ta'kidlandi.

   Tadbirda O'zbekiston milliy taomlari xususida ham batafsil so'zlab berildi. Xususan, 2016-yildan buyon YUNESKOning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro'yxatiga kiritilgan o'zbek milliy palovi ishtirokchilarga ulashildi.

YUNESKO shtab-kvartirasida bo'lib o'tgan tadbirda O'zbekistonning ishtiroki mamlakatimizning moddiy va nomoddiy merosini keng jamoatchilikka namoyish etish, yurtimizning boy meros posboni, jahon madaniy muloqotining faol ishtirokchisi sifatidagi rolini alohida e'tirof etish imkonini berdi.

 BMT Bosh Assambleyasi butun dunyoda choyning ko'p asrlik tarixi, madaniy va iqtisodiy ahamiyati, qishloq taraqqiyoti, kambag'allikni qisqartirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda muhim rol o'ynashini e'tirof etgan holda, 21-may sanasini Xalqaro choy kuni deb e'lon qilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish