O'zbekiston va Rossiya yetakchilari telefon orqali muloqot qildilar
Noyabr 12, 2025. 07:25 • 2 daq
• 97
TOSHKENT, 11-noyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, O'zbekiston bilan Rossiya o'rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Tovar ayirboshlashning o'sish sur'atini saqlab qolish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiyani, shu jumladan energetika sohasidagi qo'shma loyihalarni ilgari surish, hududlarning ishbilarmonlik aloqalari va madaniy-gumanitar almashinuvini kengaytirishga alohida e'tibor qaratildi.
Joriy yil 22-oktyabr kuni Moskva viloyatida o'tgan O'zbekiston va Rossiya hududlari kengashining ikkinchi yig'ilishi samarali bo'lgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
3 dekabr kuni bo'ladigan O'zbekiston-Rossiya Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig'ilishi va uning doirasida qo'shma biznes forumini samarali o'tkazish muhimligi ta'kidlandi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi, bo'lajak tadbirlarning rejasi muhokama qilindi.
O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi