O'zbekiston Prezidenti Shahrisabzdagi yangi agroturizm majmuasini borib ko'rdi
Iyun 19, 2025. 22:44 • 1 daq
• 153
TOSHKENT, 19-iyun. /"Dunyo" AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun Qashqadaryoga tashrifi chog'ida yangi agroturizm majmuasini borib ko'rdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, Italiya, Fransiyaning landshaftli bog'lari, qirdagi tokzorlari dunyoga mashhur. Ularni borib ko'rishga ishtiyoqmandlar ko'p. Endi shunday ko'rkam maskan Shahrisabzda ham bor.
Ilgari bu joylar quruq qir-adir bo'lgan. Tomchilatib sug'orish yo'lga qo'yilgani natijasida hudud yashillikka burkandi. Majmua 520 gektardan iborat bo'lib, adirlik qismida "terrasa" usulida uzum, gilos va olma ekilgan hamda o'rmon barpo etilgan. Fransiyadan eng sara navlar olib kelingan.
- Cho'l-adirlarni o'zlashtirishimizga shubha qilganlar shu bog'ni kelib ko'rsin, - dedi Prezident.
7,5 ming tonna mahsulot yetishtirish imkoniyatiga ega majmuaning eksport quvvati 5 million dollarga teng. 100 ta doimiy va mingdan ortiq mavsumiy ish o'rni yaratilgan.
Ko'chatlar rivojini fransiyalik mutaxassis kuzatib boradi, yoshlarga dehqonchilik sirlari va bozor talablarini o'rgatadi.
Hududda, shuningdek, 120 o'rinli restoran va 100 o'rinli mehmonxona qurilgan. Agrologistika va o'quv markazi, qayta ishlash, saqlash quvvatlari qurilmoqda.
Mutasaddilar bunday bog'larni kengaytirish, boshqa tog'li tumanlarda ham tashkil etish rejalari haqida aytdi. Davlatimiz rahbari sug'orishni tashkil etib, bog'larni aholiga bo'lib berish, odamlarga daromad manbai yaratish bo'yicha topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi