O‘zbekistonda Xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali o‘tkaziladi
Aprel 17, 2026. 18:44 • 2 daq
• 507
TOSHKENT, 18-aprel. /“Dunyo” AA/. 20-24-aprel kunlari Respublikamiz bo‘ylab Xalqaro an’anaviy tasviriy va amaliy san’at festivali o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Shu munosabat bilan festival tashkilotchisi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Matbuot anjumanida tashkilotchilar mazkur festival milliy san’atimizning avloddan avlodga o‘tib kelayotgan boy merosini targ‘ib etish, o‘zbek tasviriy va amaliy san’ati yutuqlarini keng tanitish, ijodiy almashinuv, yangi iste’dodlarni yuzaga chiqarish, ustoz-shogird an’analarini davom ettirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.
Shu bilan birga, festival doirasida tashkil etiladigan uchrashuvlarda turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga, jahon miqyosida ijodiy hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga alohida ahamiyat qaratilishi qayd etildi.
San’at ixlosmandlari besh kun davomida yurtimiz hamda dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan san’at ustalarining benazir san’at namunalaridan bahra olib, ijodiy muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniga ega bo‘ladi.
Bu yil festivalda mahalliy ijodkorlarimiz qatorida Xitoy, Janubiy Koreya, Turkiya, Fransiya, Ruminiya, Rossiya hamda TURKSOY tashkilotiga a’zo davlatlaridan taniqli rassomlar ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Festival davomida turli ko‘rgazma va mahorat darslari, madaniy uchrashuv va ilmiy konferensiyalar, ikki tomonlama memorandumlar imzolanishi ham ko‘zda tutilgan.
Ushbu madaniy tadbirlarda professional ijodkorlardan tashqari, tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishidagi ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yosh rassomlar ham ishtirok etib, o‘z qobiliyatini namoyish etish imkoniga ega bo‘ladi. Yosh ijodkorlarga tajribali rassomlar tomonidan mahorat darslari o‘tkaziladi.
Doimgidek, bu galgi festivalda ham “Kamoliddin Behzod izdoshlari” miniatyura va xalq amaliy san’ati tanlovi tashkil etilib, g‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan taqdirlanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi