"Jadidlar izidan" respublika tanlovi g'oliblari Germaniyaga bordi
Mart 13, 2025. 12:45 • 2 daq
• 189
BERLIN, 13-mart. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston umumiy o'rta ta'lim maktablari o'quvchilari o'rtasida o'tkazilgan "Jadidlar izidan" respublika tanlovi g'oliblaridan iborat mamlakatimiz delegatsiya 11-mart kuni Germaniyaga bordi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar davomida delegatsiya vakillari XX asrning boshlarida Germaniyada tahsil olgan o'zbek jadidlari izlarini o'rganish maqsadida Berlindagi turli ta'lim dargohlari va kutubxonalarda bo'ldi. Xususan, ular Berlinning eng qadimiy va nufuzli oliy o'quv yurtlaridan biri bo'lgan Humboldt universiteti bilan tanishdi. Oliygohning boy tarixi, Nobel mukofotiga sazovor taniqli olimlari va unda faoliyat yuritgan mutafakkirlar hayoti haqidagi ma'lumotlar o'quvchilarda katta qiziqish uyg'otdi. Shu bilan birga, o'quvchilar Germaniyada oliy ta'lim tizimi, universitet va talabalar hayoti bilan ham yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo'ldilar. Berlin davlat kutubxonasiga tashrif chog'ida kutubxonada saqlanayotgan qadimiy kitoblar va ilmiy asarlar bilan qisqa tanishish o'quvchilar bilim doirasini yanada kengaytirish va ilm olishga bo'lgan intilishlarini yanada ortishiga xizmat qildi.
Bundan tashqari, yosh hamyurtlarimiz Germaniya parlamenti –Bundestagga tashrif buyurib, mamlakatning siyosiy tizimi, qonun chiqarish jarayonlari va demokratik tamoyillar haqida ma'lumot olishdi. GFRning ichki va tashqi siyosati, shuningdek, yoshlar siyosatiga qiziqish bildirishdi. Bu uchrashuv o'quvchilarning siyosiy bilimlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek,vakillarimiz uchun ushbu mamlakat parlamentning tarixiy binosi – Reyxstag bo'ylab ekskursiya uyushtirildi.
16-mart kunigacha davom etadigan safar o'quvchilarimiz uchun ahamiyatli bo'lmoqda. Ular Germaniyaning ta'lim, madaniyat va siyosiy hayoti bilan yaqindan tanishib, o'z bilim va ko'nikmalarini boyitmoqda. Bu esa ularning kelajakdagi ta'lim va kasbiy faoliyatlari uchun juda muhim.
2024-yil oktyabr-dekabr oylarida Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tashabbusi bilan o'quvchilarning mustaqil fikrlash ko'nikmalarini yana-da shakllantirish, ajdodlarimizning boy ma'naviy merosini keng targ'ib qilish orqali ularni kitobxonlikka jalb etish maqsadida "Jadidlar izidan" respublika tanlovi o'tkazilgan edi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi