Chexiyadagi vatandoshlar muqaddas Ramazon oyini munosib tarzda nishonlamoqda
Fevral 28, 2026. 13:43 • 3 daq
• 217
PRAGA, 2-mart. /“Dunyo” AA/. Praga shahrida O‘zbekistonning Chexiyadagi elchixonasi tomonidan “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” ezgu g‘oyasi doirasida turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar va iftorlik dasturxonlari tashkil etilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish maqsadida tashkil etilayotgan ushbu xayrli tadbirlar xorijda yashayotgan va taʼlim olayotgan vatandoshlar o‘rtasida mehr-oqibat va do‘stlik tuyg‘ularini mustahkamlash, fuqarolik masʼuliyatini yanada oshirish hamda anʼanaviy qadriyatlarni targ‘ib qilishga qaratilyapti.
Pragadagi O‘zbekiston talabalari assotsiatsiyasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda 120 nafardan ortiq talaba va diaspora vakillari ishtirok etdi. Suhbat davomida O‘zbekiston Musulmonlar idorasi vakillari tomonidan profilaktik-tarbiyaviy suhbat tashkil etildi.
Yoshlarning taʼlim jarayoniga masʼuliyat bilan yondashish, darslarda muntazam qatnashish, o‘qishga salbiy taʼsir ko‘rsatuvchi mehnat faoliyatidan tiyilish, moliyaviy majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarish borasida fikr-mulohaza almashildi.
Chexiyaning migratsiya qonunchiligi talablariga qatʼiy rioya qilishi masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Radikal va ekstremistik g‘oyalarning oldini olish, bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Tadbir ochiq va konstruktiv muloqot shaklida o‘tdi. Diniy va konsullik masalalari bo‘yicha berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi.
Uchrashuvda assotsiatsiya kutubxona fondini boyitish maqsadida diniy adabiyotlar va targ‘ibot materiallari topshirildi hamda ishtirokchilar uchun iftorlik dasturxoni tashkil etildi.
Shuningdek, o‘sha kuni Praga shahridagi “Turkiston” madaniy markazida ham vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Unda qariyb 250 nafar ishtirokchi qatnashdi.
Muloqot davomida qonunlarga hurmat, taʼlim va mehnatga vijdonan munosabat, turli salbiy oqimlarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish masalalariga alohida urg‘u berildi.
27-fevral kuni Pragadagi “Turkiston” madaniy markazida juma namozi bo‘lib o‘tdi. Unda 400 nafardan ortiq vatandosh ishtirok etdi. Maʼruzalarda Ramazon oyining mohiyati, ro‘za tutish qoidalari, shaxsiy intizom va masʼuliyat, islom qadriyatlarini asrab-avaylash masalalari to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Yurtimiz delegatsiyasi aʼzolari Chexiyada faoliyat yuritayotgan “Tesla” kompaniyasining yirik qurilish obyektiga ham tashrif buyurdi. Mazkur obyektda 100 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda. Mehnat jadvali zichligi va masofa inobatga olingan holda ish joyida maʼrifiy uchrashuv tashkil etildi. Unda Ramazon oyini munosib o‘tkazish, axloqiy meʼyorlarga rioya qilish hamda mehnat muhojirlari duch kelayotgan masalalar muhokama qilindi.
Kunning ikkinchi yarmida vakillarimiz Praga shahridagi “Sulaymon” turk madaniy markaziga bo‘ldi. Markazda 250 nafarga yaqin vatandosh ishtirokida iftorlik tadbiri tashkil etildi. Iftorlikdan so‘ng taroveh namozi ado etildi.
Madaniy markaz mehnat qilayotgan hamyurtlar bilan o‘tkazilgan suhbatlarda diniy meʼyorlarni to‘g‘ri anglash, radikal va buzg‘unchi talqinlarning oldini olish hamda moʻtadil va anʼanaviy islom qadriyatlarini saqlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi