Logo

Pekin shahrida "Yangi O'zbekiston yoshlari birlashaylik" shiori ostida bayram tadbiri bo'lib o'tdi

Iyul 02, 2025. 20:11 • 2 daq

134
Pekin shahrida "Yangi O'zbekiston yoshlari birlashaylik" shiori ostida bayram tadbiri bo'lib o'tdi

PEKIN, 2-iyul /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Xitoydagi elchixonasi tomonidan 30-iyun – O'zbekiston yoshlari kuniga bag'ishlangan bayram tadbiri o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muhbiri.

"Yangi O'zbekiston yoshlari birlashaylik" shiori ostida tashkil etilgan tadbirda Xitoy oliy o'quv yurtlarida tahsil olayotgan va ushbu mamlakatda mehnat faoliyati bilan shug'ullanayotgan vatandoshlar hamda ayni vaqtda Pekin shahrida xizmat safarida bo'lib turgan O'zbekiston Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo'yicha qo'mitasi delegatsiyasi a'zolari ishtirok etdi.

Tadbirda vatandoshlarimiz Yoshlar kuni munosabati bilan samimiy qutlandi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2017-yildan beri har yili 30-iyun sanasi O'zbekiston yoshlari kuni sifatida mamlakatimizda yoshlarning jamiyatdagi o'rni va rolini e'tirof etish, ularni qo'llab-quvvatlash, yangi avlodni ilm-fan, san'at, sport va innovatsiyalar sohalariga keng jalb etish maqsadida keng nishonlanib kelinayotgani ta'kidlandi.

So'ngi yillarda O'zbekiston yoshlari erishgan yutuqlar va ijobiy natijalar qayd etildi. Xususan, o'tgan yili yurtimiz yoshlari dunyoning top-500 talik oliygohlarga kirish bo'yicha Markaziy Osiyoda 1 - o'rinni egallagani, joriy yilda futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoamiz ilk bor Jahon chempionatiga yo'l olgani ta'kidlandi.

Shuningdek, O'zbekistonning yoshlarga va xorijdagi vatandoshlarga oid davlat siyosati haqida so'z yuritildi. Chet ellardagi vatandoshlar yurtimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni yana-da chuqurlashtirish jarayonlarida faol ishtirok etishga chaqirildi.

O'z navbatida, joriy yil xorijiy oliy oliy ta'lim muassasalarini tamomlab, mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo'shish istagida bo'lgan vatandoshlarga hukumatimiz tomonidan yaratilgan sharoitlar haqida ham so'zlab berildi.

Vatandoshlarga O'zbekiston Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo'yicha qo'mitasi tomonidan o'zbek tili, adabiyoti, O'zbekiston tarixi va madaniyatiga bag'ishlangan adabiyotlar jamlanmasi taqdim etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish