Iordaniyada o‘zbekistonlik talabalar o‘rtasida notiqlik sanʼati bo‘yicha tanlov bo‘lib o‘tdi
Fevral 18, 2026. 19:51 • 2 daq
• 211
AMMON, 20-fevral. /“Dunyo” AA/. Iordaniyadagi Dunyo islom ilmlari va taʼlimi universitetining (The World Islamic Sciences and Education University) “Hanafiya” fakultetida ushbu oliygohda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar o‘rtasida notiqlik sanʼati tanlovi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur maʼrifiy tadbir fakultet dekanati hamda O‘zbekistonning Ar-Riyozdagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi. Tanlov doirasida ishtirokchilar o‘zbek xalqining buyuk farzandlari — mutafakkir shoir Alisher Navoiy hamda davlat arbobi va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan taqdimotlarini namoyish etdilar.
Tadbir davomida ushbu tarixiy shaxslarning islom sivilizatsiyasi, jahon adabiyoti va maʼnaviy-falsafiy tafakkuri rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Talabalar Navoiy va Bobur merosining bugungi kundagi ahamiyatini notiqlik mahorati orqali ochib berdilar.
Tanlov yakunlariga ko‘ra, g‘oliblar va faol ishtirokchilar faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari — kitoblar bilan taqdirlandilar. Tashkilotchilar bu kabi tadbirlarni kelgusida yanada keng miqyosda, mintaqadagi boshqa universitetlarda tahsil olayotgan o‘zbek yoshlarini jalb qilgan holda davom ettirishni rejalashtirmoqdalar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi