Logo

O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi delegatsiyasi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi teleradioeshittiruvchilari uyushmasi Bosh assambleyasida ishtirok etayapti

Sentabr 13, 2025. 12:40 • 2 daq

33
O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi delegatsiyasi Osiyo va Tinch okeani mintaqasi teleradioeshittiruvchilari uyushmasi Bosh assambleyasida ishtirok etayapti

ULAN-BATOR, 13-sentabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi delegatsiyasi Mo'g'ulistonda Osiyo va Tinch okeani mintaqasi teleradioeshittiruvchilari uyushmasi Bosh assambleyasida ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda "Dunyo AA muxbiri.

12-sentabr kuni tadbirlar jadvalida o'rin olgan «Teleradioeshittirish barcha uchun» xalqaro forumining «Teleradioeshittirishda madaniyatlar» seksiyasida ilk chiqishlardan biri bilan MTRK xalqaro aloqalari rahbari Laziz Jo'rayev mamlakatimiz madaniyati va tizimdagi «Madaniyat va ma'rifat» telekanali haqida taqdimot o'tkazdi.

Chiqishi davomida Milliy teleradioeshittirish xalqaro aloqalari rahbari O'zbekiston asrlar davomida sivilizatsiyalar va madaniyatlar chorrahasi sifatida tarixda muhim o'rin tutib kelgani, Buyuk Ipak yo'li orqali xalqlar, tillar va an'analar uyg'unlashib, boy madaniy meros shakllangani, shuningdek, O'zbekiston madaniyati ko'p asrlik tarix davomida taraqqiy etib, turli davrlarda bu hududda yashagan ko'plab xalqlarning urf-odatlari va an'analarini o'zida mujassam etgan holda, rang-barang va betakror qiyofa kasb etganini alohida ta'kidladi.

Shuningdek, O'zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari tinchlik va hamjihatlikda yashab, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo'shayotgani, turli xalqlarning milliy-madaniy markazlari faoliyati bag'rikenglikning amaliy ifodasi sifatida xizmat qilayotgani haqida 40 davlatdan tashrif buyurgan ishtirokchilarga ma'lum qilindi.

Shu bilan birga, MTRKning «Madaniyat va ma'rifat» telekanali mamlakatning madaniy xilma-xilligi va ma'naviy merosini keng targ'ib etishda muhim o'rin tutayotgani, forumda yorqin videotaqdimot orqali namoyon etildi.

Mazkur telekanal efiri orqali xalqimizning va turli millat vakillarining madaniy hayoti, adabiyot, san'at, tarix va ma'naviyatga bag'ishlangan ko'plab loyihalar tomoshabinlarga taqdim etilayotgani, telekanal yoshlar ongida milliy qadriyatlarni mustahkamlash, turli xalqlarning madaniy merosini ulug'lash va bag'rikenglik muhitini shakllantirishda sezilarli hissa qo'shayotgani qayd etildi hamda aniq teledasturlar misolida ko'rsatib o'tildi.

Umuman olganda, O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi - Jahon madaniyatlarini birlashtirishga harakat qilayotgani, bag'rikenglik va hamjihatlik tamoyillariga asoslangan davlat siyosatini, xususan «Madaniyat va ma'rifat» telekanali misolida, xalqlar do'stligini mustahkamlaydigan madaniy ko'prik vazifasini o'tayotgani xalqaro maydonda keng targ'ib etildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish