O'zbekistonda olib borilayotgan izchil va keng ko'lamli islohotlar Bryussel yuksak baholandi
Aprel 30, 2025. 11:07 • 2 daq
• 46
TOSHKENT, 30-aprel. /"Dunyo" AA/. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan iborat O'zbekiston delegatsiyasi Belgiya poytaxti Bryussel shahrida o'tayotgan "Byudjetni shakllantirish va uni ijro etishda parlamentning roli hamda genderga nisbatan sezgir parlamentlar" mavzusidagi xalqaro seminarda qatnashmoqda, deb xabar qilyapti Dunyo AA muxbiri.

Parlament qo'yi palatasi ma'lumotiga ko'ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Gulrux Agzamova, Gulnoraxon Abduvohidova, Otabek Musurmonov seminarda ma'ruza qilishdi.
Ta'kidlanganidek, keyingi yillarda O'zbekistonning Davlat byudjeti qonun shaklida qabul qilinmoqda. Bu o'z navbatida, byudjet ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini manzilli olib borish, byudjet ma'lumotlarining ochiqligini, shaffofligini ta'minlash, byudjet mablag'larining shakllanishi, sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishda muhim omil bo'lmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bilan Davlat byudjeti ijrosini nazorat qilish, Hisob palatasining hisobotini ko'rib chiqish kabi vakolatlar Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatiga o'tkazilishi ham quyi palataning ta'sirchan parlament nazoratini yanada kuchaytirgan tarzda tashkil etish imkonini bergani qayd etildi.
Shuningdek, ma'ruzalarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog'lig'ini saqlash, kasbga o'qitish va bandligini ta'minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, gender tenglikni ta'minlash borasida olib borilayotgan islohotlar haqida ham batafsil ma'lumotlar berildi.
Seminar ishtirokchilari O'zbekistonda so'nggi yillarda barcha sohada olib borilayotgan izchil va keng ko'lamli islohotlarni e'tirof etib, yuksak baholadilar.
Tadbir davomida byudjet vakolatlari bo'yicha tajribalar almashildi. Bunda asosiy e'tibor parlamentda samarali byudjet jarayonlariga hissa qo'shadigan turli manbalarga, jumladan tadqiqot va byudjet idoralari bilan ishlash mexanizmlariga alohida e'tibor qaratildi.
Shu bilan birga, byudjetni shakllantirish, uni ijro etishdagi muammolar, mustaqil institutlar roli hamda parlament a'zolarini tahliliy qo'llab-quvvatlash kabi masalalar muhokama qilindi.
O'zbekiston parlament delegatsiyasining Belgiyaga tashrifi davom etmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi