Logo

Britaniyaning sertifikatlash bo'yicha yetakchi kompaniyasi O'zbekiston laboratoriyalari salohiyatini oshirishga ko'maklashadi

Noyabr 17, 2025. 22:15 • 2 daq

60
Britaniyaning sertifikatlash bo'yicha yetakchi kompaniyasi O'zbekiston laboratoriyalari salohiyatini oshirishga ko'maklashadi

TOSHKENT, 17-noyabr /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniyaning "Intertek Group" kompaniyasining global yumshoq mahsulotlar bo'yicha texnik direktori Deyv Smit va oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o'tkazish bo'yicha mutaxassis Jon Sirl O'zbekistonga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mutaxassislar "Uztest" davlat muassasasi faoliyati, Toshkent shahridagi to'qimachilik sinov laboratoriyasi, shuningdek, Namangan viloyatidagi "Yuksalish" sanoat zonasida joylashgan laboratoriya bilan tanishdi.

Bundan tashqari, "Uztest" tarkibidagi oziq-ovqat mahsulotlarini sinovdan o'tkazish laboratoriyasi, undagi zamonaviy uskunalar, sinov turlari va sifat menejmenti tizimi faoliyati ko'zdan kechirildi.

Tashrif yakunida "Intertek" kompaniyasi tajribasini O'zbekiston sharoitida qo'llash, qo'shimcha sinov uskunalarini yetkazib berish hamda mahalliy mutaxassislar malakasini oshirish sohasida hamkorlikning aniq yo'nalishlarini belgilashga kelishib olindi.

 "Intertek" kompaniyasi mahsulotlarni sinovdan o'tkazish va sertifikatlash sohasida yetakchi transmilliy kompaniyalardan biri hisoblanib, dunyoning yuzdan ortiq mamlakatida o'zining minglab laboratoriyalariga ega. Qariyb 44 ming nafar xodim ishlaydigan mazkur kompaniyaning savdo aylanmasi o'tgan yilda 3,4 milliard dollarga yetgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish