Logo

O'zbekiston delegatsiyasi Katta Misr muzeyi ochilish marosimida ishtirok etdi

Noyabr 05, 2025. 18:35 • 2 daq

90
O'zbekiston delegatsiyasi Katta Misr muzeyi ochilish marosimida ishtirok etdi

QOHIRA, 5 noyabr. /"Dunyo" AA/. 2025 yil 1–3-noyabr kunlari O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya Misr Arab Respublikasining Qohira shahrida bo'ldi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif doirasida O'zbekiston delegatsiyasi Katta Misr muzeyining ochilish marosimida ishtirok etdi. Unda 120 ga yaqin davlat va xalqaro tashkilot delegatsiyalari qatnashdi.

Marosimda ishtirokchilar tomonidan Katta Misr muzeyining ochilishi mamlakatning madaniy va tarixiy merosini asrash va dunyo hamjamiyatiga taqdim etishda yangi bosqichni anglatishi ta'kidlandi.

Shuningdek, qadimgi Misrda sivilizatsiya o'zining ilk harflarini yozgani, dunyo fikr, yozuv, san'at va e'tiqodning tongini ko'rgani, Katta Misr muzeyining ochilishi xalqlar o'rtasidagi tinchlik, hamjihatlik va o'zaro hurmat g'oyalarini mustahkamlanishida muhim ahamiyat kasb etishi alohida qayd etildi. Tadbir doirasida mamlakatimiz delegatsiyasining Misr Arab Respublikasi Parlamenti Vakillar palatasi Spikeri Hanafi Ali

al-Jabaliy bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi.

Misr Spikeri shu yil 5–9-aprel kunlari Toshkent shahrida bo'lib o'tgan Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasidagi ishtiroki va O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinganini samimiyat bilan esladi. Hanafi Ali al-Jabaliy O'zbekistonda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlarni alohida e'tirof etdi hamda ular parlamentlararo va xalqaro miqyosdagi hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratishini bildirdi.

Uchrashuv davomida tomonlar ikki davlat parlamentlari o'rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish, tajriba almashish va parlamentlararo muloqotni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish