O‘zbekiston delegatsiyasi Londonda xorijiy hamkorlar bilan muzokara o‘tkazdi
Yanvar 28, 2026. 11:59 • 2 daq
• 658
LONDON, 30-yanvar. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniya poytaxtida o‘tkazilgan “Bett UK 2026” xalqaro taʼlim ko‘rgazmasida O‘zbekiston Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi delegatsiyasi ham ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif davomida vakillarimiz “Bett UK” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida tashkil etilgan taʼlim vazirlar simpoziumida qatnashdi. Simpoziumda xorijiy davlatlarning taʼlim sohasiga masʼul vazirlik va idoralari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, taʼlim sohasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aloqalar o‘rnatildi.
Muloqot jarayonida Kanada, Fransiya, Buyuk Britaniya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Turkmaniston, Koreya Respublikasi, Xitoy kabi davlatlarning taʼlim vazirliklari rahbariyati mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Xususan, “Pearson” kompaniyasining vitse-prezidenti Ebrahim Matyus taʼlim va sunʼiy intellektga asoslangan iqtisodiyot o‘rtasidagi tafovutni bartaraf etish masalasida so‘z yuritdi.
“Efekta” kompaniyasining vitse-prezidenti Saranjit Sangar bilan uchrashuvda O‘zbekistonda oliy taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, taʼlim sifatini oshirish, raqamlashtirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida fikr almashildi.
“General Assembly” kompaniyasi dasturlar menejeri Kurdin Baziz bilan suhbat jarayonida o‘zbekistonlik bitiruvchilarning sunʼiy intellekt va dasturiy muhandislik sohalaridagi bilim va ko‘nikmalarini boyitish masalasi atroflicha muhokama qilindi.
Britaniya Biznes va savdo vazirligi rasmiylari bilan uchrashuvda TOP-100 ga kiruvchi universitetlarining O‘zbekistonda filialini tashkil etish masalasi ilgari surildi.
Shuningdek,tadbir davomida “BettUK”ning global tadbirlar direktori Dunkan Verri bilan muzokara o‘tkazildi. Muzokarada O‘zbekiston tomoni mazkur global tadbirning yangi “Bett Central Asia” formatini tashkil etish va uni O‘zbekistonda o‘tkazish taklifini ilgari surdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi