Xorazm viloyati ishbilarmon doira vakillari delegatsiyasi Polshada bo'ldi
Iyun 20, 2024. 19:04 • 2 daq
• 160
VARSHAVA, 20-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi boshlig'i Qudratbek Igamberdiyev va viloyat hokimligi Investitsiya boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Alisher Duschanov boshchiligidagi delegatsiyaning Polshaga biznes missiyasi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Safar doirasida Varshava shahridagi "Polsha-Osiyo" Savdo palatasida qo'shma biznes-forum tashkil etildi. Unda 50 dan ziyod O'zbekiston va Polsha ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi.
Forumning ochilish marosimida so'zga chiqqan "Polsha-Osiyo" Savdo palatasi prezidenti Yanush Pexochinski 2024-yil may oyida O'zbekistonga amalga oshirgan tashrifi doirasida uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida muvaffaqiyatli ishtirok etganini alohida qayd etdi. U Surxondaryoga tashkil etilgan Polsha biznes-missiyasi natijalarini ham yuqori baholadi.
"Polshada O'zbekistondagi jadal o'zgarishlar va rivojlanish jarayonini diqqat bilan kuzatishmoqda. Respublikani rivojlantirish va modernizatsiya qilish bo'yicha kompleks dastur Polsha biznesi bilan hamkorlikni kengaytirish uchun ajoyib imkoniyat, bu ikkala tomon uchun ham foydalidir", - dedi u.
O'zbekiston diplomatlari tomonidan o'tkazilgan taqdimotda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli va ortga qaytmas islohotlar, O'zbekiston-Polsha hamkorligining bugungi holati va istiqbollari, Yangi O'zbekistonning iqtisodiy, investitsiyaviy va sayyohlik salohiyati to'g'risida batafsil ma'lumot berildi.
Xorazm viloyati hokimligi vakillari ham hududning iqtisodiy va turistik jozibadorligi to'g'risida alohida taqdimot o'tkazdilar.
Tadbir yakunida O'zbekiston ishbilarmonlari va Polshaning "Polfrost", "R&S", "We are quality", "Van Pur", "Magorex", "Qultivo PSA" kompaniyalari vakillari o'rtasida "B2B" formatidagi muzokaralar o'tkazildi. Muhokamalar yakunida Polshaga to'qimachilik, charm-poyabzal, qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat va farmatsevtika mahsulotlarini eksport qilish bo'yicha kelishuvlarga erishdi.
Bundan tashqari, joriy yil sentyabr oyida "Polsha-Osiyo" Savdo palatasi prezidenti Yanush Pexochinski boshchiligidagi delegatsiyasining Xorazm viloyatiga biznes-missiyani tashkil etish bo'yicha bir to'xtamga kelindi.
Xorazmlik tadbirkorlarning Podlyaski voyevodligiga (viloyati) tashrifi ham tashkil etildi. Safar davomida Belostok Savdo-sanoat palatasi prezidenti Yaroslav Antixovich, faxriy prezident Vitold Karchevskiy, shuningdek, to'qimachilik, farmatsevtika, elektrotexnika, kimyo, qurilish, charm-poyabzal, oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi texnikasi sohalarida faoliyat yuritadigan "KAJA Alfred Olszewski", "Brintons Agnella", "Eltron", "Fadbet" va "CHM" kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
Bo'lib o'tgan muzokaralar yakunida, O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi Xorazm viloyat hududiy boshqarmasi va Belostok Savdo-sanoat palatasi o'rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
O'zbekiston vakillari, shuningdek, "KAJA Alfred Olszewski" va "Brintons Agnella" kompaniyalari faoliyati bilan tanishdilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi