O'zbekiston jurnalistlari va davlat tashkilotlari matbuot kotiblari "Al Jazeera Media Institute"da malaka oshiradi
Aprel 10, 2024. 10:40 • 55 soniya
• 198
DOXA, 10-aprel /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Ashraf Xodjayev "Al Jazeera Media Institute" direktori Iymon Al-Amiri bilan muzokaralar o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuvda O'zbekiston ommaviy axborot vositalari, respublika vazirlik va idoralari matbuot xizmatlari xodimlari, shuningdek, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabalarining "Al Jazeera Media Institute" telekanalining o'quv dasturlari va malaka oshirish kurslarida ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
"Al Jazeera Media Institute" 2004 yilda professional jurnalistlarni tayyorlash, aloqa va raqamli media texnologiyalari sohasida keng ko'lamli mutaxassisliklar bo'yicha nazariy va amaliy ko'nikmalarni o'rgatish uchun mukammallik markazi sifatida tashkil etilgan. Bugungi kunda institut jahon miqyosidagi yetakchi ixtisoslashtirilgan markazlardan biri hisoblanadi.
Institut direktori O'zbekistonda axborot sohasini demokratlashtirish, so'z erkinligi va axborotdan foydalanishni ta'minlash, jamoatchilik nazoratini takomillashtirishda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan atroflicha tanishtirildi.
Uchrashuv yakunida "Al Jazeera Media Institute" delegatsiyasining O'zbekiston Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, "Dunyo" AA hamda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti bilan hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish maqsadida mamlakatimizga tashrifni tashkil etish to'g'risida kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi