Kuvaytlik musiqachilar O'zbekiston davlat konservatoriyasida o'qishga qiziqish bildirmoqda
Fevral 15, 2024. 10:43 • 1 daq
• 104
AL-KUVAYT, 15-fevral. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasida Kuvayt Madaniyat, san'at va adabiyot milliy kengashi vakili, taniqli musiqashunos Amir Ja'far bilan uchrashuv o'tkazildi, deb xabar qilayapti "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuvda, shuningdek, ijodiy safar bilan Kuvaytga borgan O'zbekiston davlat konservatoriyasi rektori Kamoliddin O'rinboyev ham qatnashdi.
Muloqot chog'ida ikki mamlakat o'rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish, musiqachilarni tayyorlash yo'nalishida hamkorlik qilish, birgalikda madaniy tadbirlarni uyushtirish va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Amir Ja'far yaqinda Al-Kuvaytdagi shayx Jobir al-Ahmad madaniyat markazida bo'lib o'tgan O'zbekiston davlat simfonik orkestri konserti kuvaytliklar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinganini ta'kidladi. U, shuningdek, O'zbekiston davlat konservatoriyasida kuvaytlik musiqachilarning magistratura va aspirantura bosqichida tahsil olishlarini tashkil etish va musiqa san'atini rivojlantirishda O'zbekistonning ulkan tajribasidan foydalanish takliflarini bildirdi.
Uchrashuv yakunida mazkur jabhada ikki tomonlama hamkorlikni yo'lga qo'yish maqsadida O'zbekiston va Kuvaytning tegishli tashkilotlari o'rtasida onlayn muzokaralar uyushtirish to'g'risida kelishib olindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi