Logo

O‘zbekiston va Xitoy tahlil markazlari hamkorligida qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi

Yanvar 30, 2026. 17:35 • 2 daq

704
O‘zbekiston va Xitoy tahlil markazlari hamkorligida qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi

SHANXAY, 3-fevral. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Tashqi siyosiy tadqiqotlar va tashabbuslar markazi delegatsiyasi Shanxayning yetakchi ilmiy-tadqiqot va ekspert institutlari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif mintaqaviy va global ahamiyatga molik asosiy masalalar bo‘yicha samarali muloqot maydoniga aylandi. Shanxay Siyosat va huquq universiteti huzuridagi ShHT Kadrlar tayyorlash bo‘yicha tayanch platformasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan “ShHT: Tyanszin sammitidan keyingi istiqbollar” mavzusidagi davra suhbati doirasida xavfsizlik va taraqqiyot sohalaridagi ko‘p tomonlama hamkorlik samaradorligini oshirish yo‘llari muhokama qilindi.

Delegatsiya vakillarining Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi, Xalqaro tadqiqotlar akademiyasi, Chet tillar universiteti huzuridagi Global boshqaruv va mintaqashunoslik akademiyasi, Fudan va Sharqiy Xitoy pedagogika universitetlarining tegishli tuzilmalari rahbariyati bilan muzokaralar alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.

Markaziy Osiyoning strategik ahamiyati ortib borayotgani, Xitoy va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi ShHT formatidagi sheriklikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokamalarning markaziy mavzusi bo‘ldi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Shanxay shahriga amaliy tashrifi yakunlari bo‘yicha ikki mamlakatning yetakchi tahlil markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun asoslar yaratildi. Tadqiqot materiallarini muntazam almashish, xalqaro munosabatlar, xavfsizlik va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb masalalari bo‘yicha qo‘shma baholash va maslahat uchrashuvlari o‘tkazishga kelishib olindi. Markaziy Osiyo va Yevroosiyoning zamonaviy tahdid va imkoniyatlarini tahlil qilishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyorlik tasdiqlandi.

Ekspertlarning o‘zaro tashriflari, seminarlar, konferensiyalar o‘tkazish va amaliy tashabbuslarni ilgari surishni o‘z ichiga olgan hamkorlikning amaliy formatlari kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish