Logo

Pokistonning agrosanoat va oziq-ovqat sohasidagi tajribasi Navoiyda joriy etiladi

May 06, 2026. 08:55 • 3 daq

500
Pokistonning agrosanoat va oziq-ovqat sohasidagi tajribasi Navoiyda joriy etiladi
Pokistonning agrosanoat va oziq-ovqat sohasidagi tajribasi Navoiyda joriy etiladi
Pokistonning agrosanoat va oziq-ovqat sohasidagi tajribasi Navoiyda joriy etiladi
Pokistonning agrosanoat va oziq-ovqat sohasidagi tajribasi Navoiyda joriy etiladi

KARACHI, 6-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev va Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov boshchiligidagi delegatsiyasining Karachi shahriga tashrifi doirasida yetakchi agrosanoat va oziq-ovqat kompaniyalari faoliyati bilan yaqindan tanishdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Delegatsiya aʼzolari mamlakatdagi yirik sanoat guruhlaridan biri bo‘lgan “Pak Agro Group” kompaniyasining ishlab chiqarish jarayonlari, boshqaruv tizimi va eksport salohiyati bilan tanishdi.

Kompaniya rahbariyati tomonidan agrosanoat, o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish, sanoat qadoqlash hamda to‘qimachilik sohalarida to‘plangan ko‘p yillik tajriba, innovatsion yondashuvlar va barqaror rivojlanish strategiyasi haqida maʼlumot berildi.

Taʼkidlanganidek, kompaniyada ishlab chiqarish jarayonlari zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, yuqori samaradorlikka ega liniyalar asosida eksportbop mahsulotlar tayyorlanmoqda.

Ayniqsa, moyli urug‘larni qayta ishlash orqali yuqori sifatli o‘simlik yog‘i ishlab chiqarish, sanoat qadoqlash mahsulotlarini keng ko‘lamda tayyorlash, zamonaviy to‘qimachilik mahsulotlarini xalqaro bozor talablari asosida ishlab chiqish va eksportga yo‘naltirish borasidagi amaliy tajriba delegatsiyada katta qiziqish uyg‘otdi. Ushbu yo‘nalishlarda O‘zbekistonda qo‘shma korxonalar tashkil etish, texnologiyalar transferi va mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari alohida muhokama qilindi.

Muzokaralar jarayonida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, innovatsion ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish hamda ikki tomonlama savdo aylanmasini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Karachiga tashrif doirasida Pokistonning go‘shtni qayta ishlash va agro-oziq-ovqat logistikasi sohasida yetakchi kompaniyalaridan biri — “Tata Best Foods” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Shohid Bilol Tata bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Suhbat davomida tomonlar Navoiy viloyatida agrosanoat majmualarini rivojlantirish, go‘shtni qayta ishlash sanoatini modernizatsiya qilish va zamonaviy logistika infratuzilmasini yaratish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qildi.

“Tata Best Foods” kompaniyasi halol standartlar asosida go‘shtni qayta ishlash, yuqori sifatli sovitilgan va muzlatilgan mahsulotlar ishlab chiqarish hamda ularni xalqaro bozorlarga yetkazib berish bo‘yicha katta tajribaga ega. Ayni paytda kompaniya mahsulotlari ichki bozor bilan bir qatorda Yaqin Sharq va Osiyo davlatlariga ham eksport qilinmoqda.

Uchrashuvda Navoiy viloyatining keng yaylovlari, qulay iqlim sharoiti, chorvachilikni rivojlantirish uchun mavjud resurslari hamda Markaziy Osiyo bozorlariga geografik jihatdan yaqinligi kabi omillar xorijiy hamkorlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochishi alohida taʼkidlandi.

Navoiy viloyatida go‘shtni qayta ishlash majmualarini barpo etish, ozuqa bazasini mustahkamlash, zamonaviy sovitilgan va muzlatilgan go‘sht logistika tizimini shakllantirish, shuningdek, kartoshka va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash bo‘yicha agrologistika tashabbuslari ko‘rib chiqildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish