Logo

Buyuk Britaniya parlamentida Markaziy Osiyo bilan hamkorlikka bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi

Fevral 16, 2026. 09:32 • 2 daq

334
Buyuk Britaniya parlamentida Markaziy Osiyo bilan hamkorlikka bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi

LONDON, 16-fevral. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniya parlamentida Markaziy Osiyo bo‘yicha partiyalararo parlament guruhining (“APPG”) uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Stiven Dauti, “APPG” vakillari, Parlament Lordlar palatasi aʼzolari, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining Londondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Buyuk Britaniya TIV rahbari o‘rinbosari Stiven Dauti Markaziy Osiyo davlatlarining xalqaro siyosat va iqtisodiyotdagi o‘rni ortib borayotganini taʼkidladi. U London mintaqa davlatlari bilan siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy munosabatlar, investitsiyalar, taʼlim va xavfsizlik sohalarida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “APPG”ning Markaziy Osiyo bo‘yicha tashkil etilishi, shuningdek, Buyuk Britaniyaning mintaqa mamlakatlari va Ozarbayjon bo‘yicha savdo vakili lavozimining joriy etilishi mamlakatning mintaqaga strategik qiziqishi ortib borayotganidan dalolat beradi. Bundan tashqari, parlament guruhi doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash va parlamentlararo muloqotni kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Shuningdek, so‘zga chiqqan tomonlar o‘z mamlakatlarining Buyuk Britaniya bilan ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdorligini bildirdi.

Davra suhbati ishtirokchilari Yangi O‘zbekistonda jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, shuningdek, mamlakatning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika, turizm, ilmiy va akademik salohiyati haqida batafsil maʼlumotga ega bo‘ldilar.

Uchrashuv yakunida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish bo‘yicha amaliy qadamlarni jadallashtirish maqsadida muntazam aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish