O‘zbekiston va Xitoy musiqa taʼlimi muassasalari o‘rtasida akademik almashinuv yo‘lga qo‘yildi
Fevral 05, 2026. 18:45 • 2 daq
• 210
GUANCHJOU, 6-fevral. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz Bosh konsulxonasi ko‘magida Xitoyning Chjanszyasze kolleji Xalqaro simfonik orkestri delegatsiyasining yurtimizga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida xitoylik mehmonlar O‘zbekiston davlat konservatoriyasida bo‘lib, muassasaning yuqori texnologik infratuzilmasi va boy anʼanalari bilan yaqindan tanishdi. Xususan, delegatsiya aʼzolari xalq cholg‘ulari noyob laboratoriyasi, zamonaviy o‘quv auditoriyalari, kutubxona va konsert zallari faoliyatiga yuqori baho berdi.
Chjanszyasze kolleji prezidenti Debin Szyan hamda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi prorektori Sayyora G‘afurova o‘rtasida bo‘lib o‘tgan suhbatda hamkorlikning aniq yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Muloqot chog‘ida o‘qituvchilar, tadqiqotchilar va talabalarning akademik almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma taʼlim dasturlarini amalga oshirish hamda madaniy turizmni rivojlantirish uchun birgalikda ilmiy mexanizm yaratish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, mazkur tashrif ikki davlat oliy musiqa taʼlimi muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lib, kelgusida amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi