Logo

Italiya kompaniyasi O'zbekiston yosh fermerlari malakasini oshirishga ko'maklashadi

May 23, 2024. 10:06 • 53 soniya

326
Italiya kompaniyasi O'zbekiston yosh fermerlari malakasini oshirishga ko'maklashadi

RIM, 23-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston qishloq xo'jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Italiyaning "Bonifiche Ferraresi Group" kompaniyasi moliya va investitsiyalar rahbari Stefaniya Kvintavalle bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida mamlakatimizda ilg'or texnologiyalar asosida qishloq xo'jaligi ekinlarini yetishtirish, mahsulotlarni qayta ishlash va Italiya bozoriga eksport qilish hamda to'g'ridan-to'g'ri investitsiya kiritish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Italiya tomoni O'zbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ tizimi benefitsiari ekanligi tufayli qishloq xo'jaligi mahsulotlari eksportida bojxona imtiyoziga egaligiga alohida e'tibor qaratdi. Bundan tashqari, kompaniya mutaxassislarining O'zbekiston yosh fermerlari malakasini oshirishga tayyorligi ma'lum qilindi.

Uchrashuv yakunida "Bonifiche Ferraresi Group" vakillaridan iborat texnik guruhning O'zbekistonga ishchi safarini tashkil etish va mamlakatimizda kompaniya faoliyatini yo'lga qo'yish imkoniyatlarini muhokama qilishga kelishib olindi.

"Bonifiche Ferraresi Group" Italiya shimolida joylashgan eng yirik qishloq xo'jaligi kompaniyasi sanaladi. Kompaniya 8000 gektar yer maydonida qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtiradi. U bug'doy, sholi, meva-sabzavot va boshqa ekinlar yetishtirish hamda qayta ishlashga ixtisoslashgan. Tarkibida 20 ga yaqin tarmoq korxonalari mavjud bo'lgan kompaniyaning yillik daromadi 300 million yevroga teng.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish