O'zbekiston delegatsiyasi Pokistonda o'tkazilgan Hamdo'stlik Osiyo yoshlar ittifoqi ta'sis yig'ilishida ishtirok etdi
Yanvar 30, 2025. 14:53 • 3 daq
• 140
ISLOMOBOD, 30-yanvar. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o'rinbosari Dilnozaxon Kattaxanova boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiya Pokistonda bo'lib o'tgan Hamdo'stlik Osiyo yoshlar ittifoqi ta'sis yig'ilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif davomida O'zbekiston delegatsiyasi a'zolari Pokiston Bosh vazirining Yoshlar dasturi raisi Rana Mashhud Ahmad Xan hamda Iqlim o'zgarishi va atrof-muhit masalalarini muvofiqlashtirish vazirligi rahbari Romina Xurshid Alam bilan uchrashuv o'tkazdi.
Mezbon mamlakat rasmiylariga O'zbekistonda yosh avlodni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning iqtidorini barvaqt aniqlash, iste'dodini to'liq ishga solish uchun zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylangani haqida batafsil ma'lumot berildi.
Davlatimiz rahbarining tashabbuslari va bevosita sa'y-harakatlari bilan tabiatni asrash, yashil hududlar barpo etish, ekologik xavfsizlikni ta'minlash masalalarida butun mamlakat bo'ylab ulkan loyihalar amalga oshirilayotgani, O'zbekistonda "yashil" energetika sohasida transformatsiya jarayonlari jadal davom etayotgani qayd etildi.
Pokiston Bosh vazirining Yoshlar dasturi raisi Rana Mashhud Ahmad Xan yoshlar siyosati yo'nalishida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va ijobiy o'zgarishlar, ularning natijadorligidan xabardorligini, bu borada O'zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilish, xususan, o'zaro tajriba almashish, qo'shma loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdorligini bildirdi.
Uchrashuvda O'zbekiston Yoshlar ishlari agentligi va Pokiston Bosh vazirining Yoshlar dasturi o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumini imzolash, kelgusida iqlim masalalarida mintaqaviy miqyosdagi qo'shma loyihalar va almashinuv dasturlarini ishlab chiqish bo'yicha hamkorlik qilishga kelishildi.
Hamdo'stlik Osiyo yoshlar ittifoqi ta'sis yig'ilishining ochilish marosimida Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif tabrik nutqi bilan ishtirok etdi.
O'zbekiston delegatsiyasi rahbari yuqori martabali rasmiylar darajasidagi sessiyalarda qatnashdi. U o'z ma'ruzasida mamlakatimizda yoshlar siyosati yo'nalishida amalga oshirilayotgan tashabbus va loyihalar, yoshlarimizning turli sohalarda erishayotgan yutuqlar, bunda davlat tomonidan ko'rsatilayotgan ko'mak va rag'batlantirish mexanizmlari haqida xorijiy delegatsiyalarga so'zlab berdi.
Tadbir doirasida Shri-Lanka yoshlar va sport vaziri Sunil Kumara Gamage hamda Maldiv yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish, axborot va san'at davlat vaziri Ali Shamaan bilan uchrashuvlar o'tkazildi. Ularda yoshlar bo'yicha davlat siyosati yo'nalishida o'zaro va mintaqaviy darajada manfaatli hamkorlikni yo'lga qo'yish masalalari, qo'shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ushbu xalqaro tadbirda ishtirok etish uchun kelgan O'zbekiston va boshqa mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif tomonidan qabul qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi