O'zbekiston bokschi qizlari Serbiyada o'tayotgan jahon chempionatida tarixiy natija qayd etdi
Mart 14, 2025. 19:12 • 2 daq
• 73
TOSHKENT, 14-mart. /"Dunyo" AA/. Serbiyada tashkil etilgan boks bo'yicha ayollar o'rtasidagi jahon chempionati O'zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli o'tmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.
Milliy Olimpiya qo'mitasi ma'lumotiga ko'ra, ortda qolgan chorak final bahslarida 4 nafar hamyurtimiz g'alaba qozondi va yarim final yo'llanmasiga sazovor bo'ldi. Ma'lumki, bu bosqichga yetib kelgan har bir ishtirokchi o'zi uchun kamida bronza medalini naqd qiladi. O'zbekistonlik bokschi qizlar hali hech bir dunyo birinchiligida 4 ta medal qo'lga kiritmaganini inobatga olsak, bu jamoamiz uchun tarixiy chempionatga aylanmoqda.
Xususan, dunyo birinchiligida dastlab -50 kg. vazndagi bahslarda bellashayotgan hamyurtimiz Sabina Boboqulova chorak final bosqichida bolgariyalik Zlatislava Chukanovani 5:2 hisobida mag'lub etgan bo'lsa, Navbahor Hamidova -66 kg. vaznda marokashlik Mounia Toutirega qarshi o'tgan bellashuvda 5:0 hisobida g'alaba qozondi. Vazni -48 kg. bo'lgan bokschimiz Farzona Fozilova ozarbayjonlik Anaxanim Ismayilovaga hech qanday imkoniyat qoldirmadi. Feruza Kazakova esa -52 kg. vazn toifasida yarim final yo'llanmasini marokashlik Imane El A'zamini yengib qo'lga kiritdi.
Afsuski, Sitora Turdibekova, Sohiba Ro'zmetova, Nigina O'ktamova hamda Aziza Zokirova kabi charm qo'lqop ustalarimiz o'z ishtirokini 1/4 final bosqichida yakunladi.
Bugun yarim final bosqichida ringga ko'tariladigan hamyurtlarimiz va ularning raqiblari bilan tanishing:
-48 kg: Farzona Fozilova - Yuliya Chumgalakova (Rossiya);
-50 kg: Sabina Boboqulova - Xu Meiyi (Xitoy);
-52 kg: Feruza Kazakova - Pang Chol Mi (KXDR);
-66 kg: Navbahor Hamidova - Albina Moldajanova (Rossiya).
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi