Logo

Janubiy Koreyaning Gumi shahrida yengil atletika bo'yicha Osiyo chempionati boshlandi

May 27, 2025. 17:08 • 55 soniya

98
Janubiy Koreyaning Gumi shahrida yengil atletika bo'yicha Osiyo chempionati boshlandi

GUMI, 27-may /Dunyo" AA/. Bugun Janubiy Koreyaning Gumi shahrida yengil atletika bo'yicha Osiyo chempionatining ochilish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Chempionat oldidan Gumi shahrida mazkur qit'a birinchiligida ishtirok etuvchi xorijiy mamlakatlarning Koreya Respublikasidagi elchilarining yig'ilishi va Osiyo yengil atletika assotsiatsiyasining XXVI kongressi bo'lib o'tdi.

Kongressda mintaqada yengil atletikani rivojlantirishga qaratilgan dolzarb masalalar muhokama qilindi. Jumladan, milliy federatsiyalar o'rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yengil atletika bo'yicha qit'aviy dasturlarni takomillashtirish masalalari kun tartibidan o'rin oldi. 

Mazkur anjumanda O'zbekiston yengil atletika federatsiyasi bosh kotibi Komiliddin Ro'zamuhamedov ham ishtirok etdi. 

Shuningdek, Osiyo yengil atletika chempionati doirasida tantanali taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi. Mazkur marosimda O'zbekistonda yengil atletika rivojiga qo'shgan samarali hissasi, yuksak professionalligi va fidokorona mehnati uchun O'zbekiston yengil atletika federatsiyasining hududlar bilan ishlash bo'limi boshlig'i Elvira Shinnibekova "Yil ayoli" nominatsiyasi bo'yicha taqdirlandi.

Eslatib o'tamiz, Osiyo chempionatida 54 mamlakatidan kelgan 500 nafardan ziyod sportchi bahs olib boryapti. O'zbekiston terma jamoasi vakillari esa yugurish, sakrash, uloqtirish, ko'p kurash yo'nalishlarida ishtirok etmoqda.

Musobaqalar joriy yilning 31-may kuniga qadar davom etadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish