Logo

Ozarbayjon III MDH o'yinlariga hozirlik ko'rmoqda

Iyun 24, 2025. 10:41 • 48 soniya

82
Ozarbayjon III MDH o'yinlariga hozirlik ko'rmoqda

TOSHKENT, 24-iyun. /"Dunyo" AA/. Joriy yilning 28-sentabridan 8-oktabrigacha Ozarbayjonda III MDH o'yinlari bo'lib o'tadi, deb xabar beradi "Dunyo" AA muxbiri.

Hamdo'stlik Ijroiya qo'mitasi matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, III MDH o'yinlarida sportning 23 turi bo'yicha 246 ta medallar jamlanmasi o'ynaladi.

Eng ko'p medallar suzish bo'yicha beriladi (40 komplekt). G'oliblar va eng yaxshi o'yinchilar (MVP) jamoaviy sport turlari – futbol, ​​voleybol, 3x3 basketbol va qadimiy sharq ot sporti – chovkan o'yini bo'yicha ham aniqlanadi.

III MDH o'yinlariga Ozarbayjonning yettita shahri – Ganja, Yevlax, Mingachevir, Gabala, Sheki, Goygol va Xankendi mezbonlik qiladi. Musobaqalar 12 ta sport maydonlarida o'tkaziladi.

O'yinlarda MDHga a'zo davlatlar hamda taklif etilgan mamlakatlarning sportchilari va rasmiy vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Eslatib o'tamiz, II MDH o'yinlari 2023-yilning 4-14-avgust kunlari Minsk shahrida bo'lib o'tgan edi. Unda 20 dan ortiq davlatdan jamoalar ishtirok etdi. Mazkur musobaqada O'zbekiston vakillari umumjamoa hisobida 28 oltin, 25 kumush va 53 bronza, jami 106 ta medalni qo'lga kiritib, uchinchi o'rinni egalladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish