Samarqandda triatlon bo'yicha harbiylar o'rtasida o'tkazilayotgan jahon chempionatining jamoaviy bahslari g'oliblari aniqlandi
Avgust 20, 2025. 12:22 • 2 daq
• 208
SAMARQAND, 20-avgust. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 17-21-avgust kunlari Samarqand shahridagi "Ipak yo'li" xalqaro turizm markazida harbiylar o'rtasida triatlon bo'yicha 25-jahon chempionati bo'lib o'tmoqda, deb xabar beryapti "Dunyo" AA muxbiri.

Jahon chempionati Xalqaro harbiy sport qo'mitasi shafeligida O'zbekiston Mudofaa va Sport vazirliklari, Milliy olimpiya qo'mitasi hamda mamlakatimiz Triatlon federatsiyasi tomonidan Samarqand viloyati hokimligi bilan hamkorlikda o'tkazildi.
Unda O'zbekiston, Belgiya, Kanada, Ispaniya, Fransiya, Germaniya, Sloveniya, Shveysariya, Qatar, Rossiya, Eron, Portugaliya, Qozog'iston kabi 13 davlatdan 120 nafar eng kuchli sportchi o'zaro bellashdilar.
Musobaqa dasturi uchta klassik yo'nalishni o'z ichiga oldi: ochiq suvda 750 metrga suzish, xalqaro trek bo'ylab 19 kilometrga velosport va Samarqandning go'zal tarixiy markazidan o'tgan yo'nalish bo'ylab 5 kilometr masofada yugurish.
Bugun 25-jahon chempionatining jamoaviy (MIX) bahslarining g'oliblari aniqlandi. Unda 13 mamlakat sportchilari estafeta tartibida 300 metrga suzish, 6 kilometr velosiped poygasi va 1,6 kilometrga yugurish bo'yicha bellashdi.
Musobaqa shartlariga 2 nafar erkak va 2 nafar ayol sportchilaridan iborat jamoalar medallar uchun kurash olib bordi.
Yakuniy natijalarga ko'ra, Shveysariya jamoasi (1:19:08) birinchi o'rinni egalladi. Fransiya (1:19:53) ikkinchi, Rossiya vakillari (1:20:02) uchinchi natijani qayd etishdi. O'zbekiston jamoasi (1:23:52) esa ushbu yo'nalishda to'rtinchi bo'ldi. Kuchli beshlikni Belgiya jamoasi (1:27:27) yakunlab berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Rossiya OAV: O‘zbekistonlik shaxmatchi jahon kubogining eng yosh g‘olibiga aylandi
O'zbekiston Milliy paralimpiya terma jamoasi xalqaro turnirda munosib ishtirok etdi