“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi aholi ehtiyojlari va zamon talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtiriladi
Yanvar 09, 2026. 14:30 • 3 daq
• 573
ISLOMOBOD, 11-yanvar. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Diplomatic News Agency” axborot agentligi, “Islamabad Post” gazetasi, “The Yeurope Today” va “The Gulf Observer” kabi elektron nashrlarida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakovning “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi nima uchun takomillashtirilmoqda?» sarlavhali maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muallif yozganidek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatning o‘rta va uzoq muddatli rivojlanishini belgilab beruvchi asosiy dasturiy hujjat hisoblanadi. U Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan islohotlarning umumiy yo‘nalishi, ustuvor maqsadlari va amaliy mexanizmlarini o‘zida mujassam etadi.
“So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot, davlat boshqaruvi, inson huquqlarini taʼminlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida salmoqli natijalarga erishildi. Bu jarayonda albatta “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi muhim manba bo‘lib xizmat qildi. Biroq jamiyat hayoti va global jarayonlar doimiy ravishda yangilanib bormoqda. Yangi iqtisodiy sharoitlar, texnologik o‘zgarishlar va xalqaro maydondagi dinamika davlat siyosati oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda”, – deb yozgan Eldor Tulyakov.
Uning taʼkidlashicha, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini mavjud real sharoit, aholi ehtiyojlari hamda zamon talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Nashrlarda, shuningdek, takomillashayotgan strategiyaning markazida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan asosiy g‘oya – “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan tamoyil turishi qayd etilgan. Yangi tahrirda strategiya ushbu g‘oyani amaliy mazmun bilan boyitib, mamlakat rivojlanishini yana-da samarali, natijaga yo‘naltirilgan va hisobdor tizim asosida davom ettirishni ko‘zlaydi.
“Strategiyani takomillashtirish jarayonida uning doirasida erishilgan natijalar chuqur tahlil qilinib, mavjud muammolar inobatga olinmoqda. Shu bilan birga, maqsadlarga erishishni aniq o‘lchash imkonini beruvchi samaradorlik ko‘rsatkichlari qayta ko‘rib chiqilmoqda. Har bir aniq maqsad uchun masʼul davlat organi belgilanib, zarur moliyaviy manbalar ochiq ko‘rsatilishi strategiya ijrosida javobgarlik va hisobdorlikni kuchaytiradi. Yana bir muhim jihat – strategiyaning har bir fuqaro uchun tushunarli va hayotiy bo‘lishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi shunday shakllantirilmoqdaki, har bir inson undan o‘z hayoti, oilasi va farzandlari kelajagi uchun qanday amaliy foyda borligini ko‘ra olsin”, – deyilgan materiallarda
Maqolalar yakunida yozilganidek, eng muhim prinsipial jihatlardan biri – bu strategiyaning xalq bilan maslahatlashuv asosida takomillashtirilishidir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi