Logo

O'zbekiston va Bolgariya mehnat migratsiyasi bo'yicha doimiy muloqotni yo'lga qo'ymoqda

May 16, 2025. 09:12 • 2 daq

97
O'zbekiston va Bolgariya mehnat migratsiyasi bo'yicha doimiy muloqotni yo'lga qo'ymoqda

TOSHKENT, 16-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Olimjon Abdullayev Bolgariya tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Mariya Angeliyeva bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

TIV ma'lumotiga ko'ra, tomonlar siyosiy va konsullik yo'nalishlaridagi muloqotni faollashtirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar hamda o'zaro qiziqish uyg'otadigan masalalarni tizimli asosda ko'rib chiqishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuv davomida mehnatkashlar, xususan O'zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish, ular orasida vijdonsiz ish beruvchilardan jabrlanganlarni qo'llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Bolgariya tomoni mehnat migratsiyasi bo'yicha doimiy muloqotni yo'lga qo'yishga tayyor ekanini ta'kidladi hamda yaqin kelajakda ushbu yo'nalishda ikki tomonlama bitimlar imzolanishi mumkinligini bildirdi.

Shuningdek, tomonlar O'zbekiston va Bolgariya o'rtasidagi Iqtisodiy hamkorlik bo'yicha Hukumatlararo komissiyaning oltinchi yig'ilishini o'tkazish zarurligini qayd etdilar.

Tashrif doirasida Bolgariya parlamentining Mehnat qo'mitasi raisi Densa Sacheva, ichki ishlar vaziri o'rinbosari Lyubomir Yosifov hamda Bolgariya Savdo-sanoat palatasi raisi Svetan Simeonov bilan kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuvlar ham bo'lib o'tdi.

Muzokaralarda mehnat migratsiyasi, noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish, qo'shma o'quv markazlarini tashkil etish, shuningdek, savdo-iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va qo'shma loyihalar bilan bog'liq masalalar muhokama qilindi.

Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash muhimligini alohida ta'kidlab, erishilgan kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etishga to'liq tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish