Logo

O'zbekiston va Yaponiya o'rtasida mehnat migratsiya sohasidagi hamkorlik kengaymoqda

Iyun 04, 2025. 11:30 • 2 daq

98
O'zbekiston va Yaponiya o'rtasida mehnat migratsiya sohasidagi hamkorlik kengaymoqda

TOKIO, 4-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi vakillaridan iborat delegatsiya  tashrif bilan Yaponiyaga bordi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tashrif O'zbekiston va Yaponiya o'rtasida mehnat migratsiya sohasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish hamda fuqarolarimiz huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalarini kuchaytirish maqsadida tashkil etildi.

 O'zbekiston delegatsiyasi safar davomida Yaponiyaning Tashqi ishlar, Adliya, Yer, infratuzilmalar, transport va turizm, Qishloq xo'jaligi vazirliklari, Immigratsiya xizmati va Xalqaro hamkorlik agentliklari, Xalqaro malakali ishchilar bilan hamkorlik va Texnik stajyorlar dasturi tashkilotlari rahbariyati hamda Kanagava prefekturasi gubernatori bilan uchrashuvlar o'tkazdi.

Muzokaralar chog'ida mehnat migratsiyasi sohasida o'zaro hamkorlikni rivojlantirish, mehnat bozorlarini diversifikatsiya qilish va Yaponiyaga o'zbekistonlik yoshlarni tashkiliy ravishda ishga joylashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif doirasida Kanagava prefekturasida "O'zbekistonning inson resurslari sohasidagi salohiyati" mavzusida anjuman o'tkazildi. Unda 100 ga yaqin yapon ish beruvchi korxonalari va rekruting agentliklari rahbarlari qatnashdi.

Forumda Yaponiyaning yirik ish beruvchi tashkilotlari rahbarlari so'zga chiqib, O'zbekiston bilan mehnat migratsiyasi sohasida ishlash tajribasi, yurtimizda yaratilgan shart-sharoitlar, shuningdek, o'zbekistonlik ishchilarning mehnat faoliyatini olib borishdagi ijobiy fazilatlarini alohida qayd etib, boshqa ish beruvchilarni ham yurtimizdan mehnat kuchini yana-da keng jalb qilishga chorladi.

Tashrif doirasida o'tkazilgan muzokaralar natijasida qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat, haydovchilik, qurilish va boshqa yo'nalishlarda O'zbekistondan mehnat kuchini jalb qilishga qaratilgan bir qator bitimlar imzolandi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish