«Travel Tomorrow»: O'zbek palovi 2016 yilda YUNESKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro'yxatiga kiritilgan
Yanvar 05, 2024. 18:07 • 2 daq
• 330
BRYUSSEL, 5-yanvar. /"Dunyo" AA/. Belgiyaning «Travel Tomorrow» sayyohlik portalida o'zbek milliy taomlariga bag'ishlangan maqola joylashtirildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Elektron nashrda qayd etilishicha, Buyuk ipak yo'lining savdo-sotiq bo'yicha asosiy chorrahalaridan birida joylashgan O'zbekistonga bir qancha davlatlar madaniyatining kirib kelishi o'zbek oshxonasining rivojlanishiga asos bo'ldi. Respublikaning turli viloyatlarida o'zbek milliy taomlarini tayyorlashda bir-biridan sezilarli darajada farq qiladi. Shimoliy hududda asosan palov va xamirli taomlar tayyorlansa, janubiy hududda esa ko'proq guruch va sabzavotlardan tayyorlanadigan taomlar xush ko'riladi. Farg'ona viloyatida qovurma palov tayyorlansa, Toshkentda esa oqish rangdagi palov tayyorlanadi.
«Markaziy Osiyoda keng tarqalgan taom - bu o'zbek oshxonasining shoh taomi palov hisoblanadi. O'zbek palovi 2016-yilda YUNESKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro'yxatiga kiritilgan. O'zbekistonda mehmonlar mezbonning uyidan palov tortilgandan keyingina chiqib ketishlari mumkin, degan naql bor», -deb yozilgan manbada.
Maqolada palov tayyorlash usuli va unga qo'shiladigan mahsulotlar haqidagi batafsil ma'lumotlar o'quvchilar e'tiboriga havola qilingan. «Kundalik hayotda ushbu taom ayollar tomonidan tayyorlansa-da, to'ylar, bayramlar, tug'ilgan kun va boshqa yirik tadbirlarda palovni an'anaga ko'ra erkaklar pishiradi», - deya qayd etgan portal.
«Travel Tomorrow» veb-saytida e'lon qilingan maqolada o'zbek nonlari va ularni tayyorlash usullari ham alohida urg'ulangan.
«Non - bu o'zbek oilalari dasturxon atrofida birgalikda baham ko'radigan kundalik taom, - deb ta'kidlangan nashrda. - Non yoki obi non deb ataladigan an'anaviy o'zbek noni dumaloq shaklda bo'lib, o'rtasi yupqaroq, cheti qalinroq bo'ladi. U loydan tayyorlangan maxsus tandirda pishiriladi. O'zbekistonda Samarqand noni juda mashhur», - deb yozgan Belgiya OAV.
Maqoladan, shuningdek, somsa, manti va kabob kabi mashhur o'zbek oshxonasi taomlari va ularni tayyorlash usullariga oid batafsil ma'lumotlar o'rin olgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi