Logo

“The Daily Mail” gazetasi: O‘zbekiston sayyohlar uchun jozibador yo‘nalishga aylanib bormoqda

May 01, 2026. 15:25 • 2 daq

248
“The Daily Mail” gazetasi: O‘zbekiston sayyohlar uchun jozibador yo‘nalishga aylanib bormoqda

LONDON, 1-may. /“Dunyo” AA/. Britaniyaning yetakchi “The Daily Mail” gazetasida O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlariga bag‘ishlangan material eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, O‘zbekiston boy tarix va madaniy merosga ega bo‘lsa-da, britaniyalik sayyohlar uchun hanuz nisbatan kam o‘rganilgan yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.

Muallif Buyuk Ipak yo‘li bo‘yida joylashgan, besh ming yildan ziyod tarixga ega qadimiy shahar — Buxoroni mamlakatning asosiy gavharlaridan biri sifatida tilga olgan. Shaharning ixcham tarixiy markazida ko‘plab masjidlar, madrasalar va karvonsaroylar qad rostlagan.

Buxoro asrlar davomida yuksalish va tanazzul davrlarini boshdan kechirgan bo‘lsa-da, har safar qayta tiklanib, mintaqaning eng muhim islom madaniyati markazlaridan biri sifatidagi maqomini saqlab qolgan.

Materialda britaniyalik tarixchi Bettani Xyuzning fikrlari ham keltirilgan. U “Channel 4” telekanalidagi “Dunyo xazinalari” dasturini suratga olish jarayonida O‘zbekistonni tadqiq qilib, mamlakatning nafaqat noyob tarixiy va meʼmoriy merosi, balki o‘zbek xalqiga xos mehmondo‘stlikni ham alohida eʼtirof etgan.

Zamonaviy Buxoro sayyohlarni nafaqat meʼmoriy yodgorliklari, balki o‘ziga xos muhiti, anʼanaviy bozorlari, hunarmandchilik mahsulotlari va xalqaro sanʼat festivallari kabi madaniy tashabbuslari bilan ham o‘ziga jalb etmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda turizm infratuzilmasi jadal rivojlanayotgani, jumladan, Toshkent, Samarqand va Buxoro o‘rtasida qulay transport yo‘nalishlari mavjudligi, Xiva va Orolbo‘yi mintaqasiga sayohat qilish imkoniyatlari yaratilgani ham qayd etilgan.

“Boy tarixiy meros, milliy anʼanalar va sayohat uchun zamonaviy sharoitlarni o‘zida mujassam etgan O‘zbekiston yangi madaniy kashfiyotlar izlayotgan sayyohlar uchun tobora jozibador yo‘nalishga aylanib bormoqda”, deya xulosa qilingan “The Daily Mail” nashrida.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish