Logo

Yaponiyaning mashhur telekanalida O'zbekiston haqida turkum ko'rsatuvlar namoyish etildi

Fevral 11, 2025. 06:55 • 3 daq

185
Yaponiyaning mashhur telekanalida O'zbekiston haqida turkum ko'rsatuvlar namoyish etildi

TOKIO, 11-fevral. /"Dunyo" AA/. Yaponiyaning mashhur "MBS" telekanalining ommabop "Yon-Chan TV" dasturida O'zbekistonga bag'ishlangan ko'rsatuvlar namoyish etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo AA muxbiri.

Mazkur loyiha mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Turizm qo'mitasi, O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Xalqaro Press-klub va O'zbekiston madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg'armasi bilan hamkorlikda 2025 yilda Osaka shahrida bo'lib o'tadigan "Expo Osaka 2025" butunjahon ko'rgazmasi doirasida tashkil etiladigan O'zbekiston milliy pavilyoni haqida yapon jamoatchiligini xabardor qilish, shuningdek, yurtimizning iqtisodiy-turistik salohiyatini keng targ'ib qilish maqsadida ishlab chiqildi.

 "Mainichi Broadcasting System, Inc.," media kompaniyasi ijodiy guruhi shu yilning 22-27-yanvar kunlari ijodiy safar bilan mamlakatimizda bo'ldi va turkum ko'rsatuvlarni suratga oldi

.

"MBS" dastlab Toshkent shahriga bag'ishlangan maxsus ko'rsatuvni efirga uzatdi. Unda poytaxtimiz Markaziy Osiyoning eng yirik va jadal suratlarda rivojlanib borayotgan shahri sifatida e'tirof etilgan. Mashur yaponiyalik teleboshlovchi Haruka Maeda O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasi faoliyati bilan tanishuvi va Xalqaro press-klubning Osaka shahridagi jahon ko'rgazmasiga bag'ishlangan maxsus sessiyasidagi ishtiroki haqida hikoya qilgan.

Ko'rsatuv boshlovchisi Haruka Maeda Toshkent shahridagi "Besh qozon" osh markazida bo'lgani va o'zbek milliy taomi – palov tayyorlash jarayonlari haqida tomoshabinlarga so'zlab bergan. U ulkan qozonlarda tayyorlanadigan palovning mazasi barchaga birdek manzur kelishini ta'kidlagan.

Navbatdagi manzil - Toshkent metrosi. Maeda xonim "Alisher Navoiy" va "Kosmonavtlar" metro bekatlari bo'ylab sayr qilib, ularning o'ziga xosligi va takrorlanmas arxitekturasi xorijiy sayyohlarda katta taassurot qoldirishini ta'kidlaydi. Yo'l-yo'lakay yo'lovchilar bilan qiziqarli intervyular ham tashkil etigan.

Ko'rsatuvning ikkinchi qismi Samarqand shahrining turizm salohiyatiga bag'ishlangan. Unda Samarqandning tarixiy obidalari – "Registon" ansambli, "Bibixonim" masjidi va Buyuk ipak yo'lidagi afsonaviy Siyob bozori haqida tomoshabinlarga so'zlab berilgan. Shuningdek, Siyob bozori bo'ylab mevalar, oziq-ovqat mahsulotlari va xalq amaliy san'atining nodir namunalari haqida hikoya qilingan.

Ko'rsatuvda, shuningdek, "Samarqand – Buxoro ipak gilami" fabrikasi faoliyati batafsil yoritilgan. "Bu yerdagi qo'lda to'qilgan so'zanilar, ipak gilamlar, kiyim-kechak, sharf va boshqa mahsulotlarning noyobligi hamda 3 asrlik hunarmandchilik san'at asari darajasiga olib chiqilgan. Mahsulotlar yaratilishida mahalliy xom ashyo va tabiiy bo'yoqlar ishlatiladi, har bir ip va rangning o'zga xosligi ularning abadiy nafislik va noyobligini ta'minlaydi", – deydi boshlovchi.

Ko'rsatuvning O'zbekistonga bag'ishlangan maxsus sonlari yapon jamoatchiligi tomonidan iliq qabul qilindi. Ushbu maxsus ko'rsatuvlar ko'rgazma doirasida takroran efirlar uzatilishi rejalashtirilgan.

2025-yilning 13-apreldan 13-noyabrga qadar Yaponiyaning Osaka shahrida "Expo Osaka-2025" butunjahon ko'rgazmasi bo'lib o'tadi. Tadbirda 170 dan ortiq davlatning texnologik, fan, iqtisodiy va madaniy yutuqlari namoyish etiladi. Ko'rgazma Osaka ko'rfazidagi sun'iy Yumeshima orolida tashkil etiladi.

Mazkur ko'rgazmada 750 kvadrat metr maydonda ikki qavatli "Bilimlar bog'i" mavzusida O'zbekiston milliy pavilyoni bunyod etiladi. Qurilish ishlari 2024-yil mart oyida boshlangan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish