Pokistondan Olot tuman kasb-hunar texnikumiga beg‘araz grant jalb etildi

Avgust 25, 2026. 12:30 • 2 daq

134
Pokistondan Olot tuman kasb-hunar texnikumiga beg‘araz grant jalb etildi

ISLOMOBOD, 25-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasi ko‘magida Olot tuman kasb-hunar texnikumi uchun 8 dona zamonaviy planshet va 2 dona noutbukdan iborat beg‘araz grant ko‘magi jalb etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Elchixonaga biriktirilgan Olot tuman kasb-hunar texnikumini rivojlantirish, uning taʼlim va moddiy-texnik salohiyatini oshirish, o‘quvchilar uchun zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarni egallashga munosib sharoitlar yaratishga har tomonlama amaliy ko‘mak ko‘rsatish mazkur tashabbusning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi.

Taqdim etilayotgan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari texnikumning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, taʼlim jarayonini zamonaviy texnik vositalar bilan boyitish va o‘quvchilarning raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari va Olot tuman kasb-hunar texnikumi direktori Komil Pirnayev o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muloqot davomida Pokiston tomonidan taqdim etilayotgan beg‘araz grant ko‘magidan oqilona va samarali foydalanish, kelgusida mazkur taʼlim muassasasi bazasida IT sohasiga ixtisoslashgan innovatsion o‘quv markazini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Olot tuman kasb-hunar texnikumi direktori mazkur tashabbus o‘quvchilarning amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, taʼlim jarayoni samaradorligini yanada oshirish va malakali kadrlar tayyorlash sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish