Pokistonning nufuzli nashri O‘zbekiston elchisi bilan eksklyuziv intervyuni e’lon qildi

Iyun 23, 2026. 10:30 • 3 daq

96
Pokistonning nufuzli nashri O‘zbekiston elchisi bilan eksklyuziv intervyuni e’lon qildi

ISLOMOBOD, 23-iyun. /“Dunyo” AA/. Pokistonning yetakchi “Pakistan In The World” jurnalida O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev bilan intervyu e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Intervyu jurnal muxbirining “Pokistonni mamlakat sifatida, xalqini esa millat sifatida qanday baholaysiz?” degan savoli bilan boshlangan.

O‘zbekiston elchisi Pokistonni ulkan geosiyosiy ahamiyatga ega, strategik joylashuvi, inson kapitali va boy madaniy merosi bilan ajralib turuvchi davlat sifatida bilishini, 250 milliondan ortiq aholiga ega ushbu mamlakat Janubiy Osiyodagi muhim iqtisodiy va siyosiy markazlardan biri hisoblanishini qayd etgan.

“Men yurtingizni katta imkoniyatlar mamlakati, Pokiston xalqini esa mehmondo‘st, jasur, bilimga chanqoq va o‘z qadriyatlariga sodiq millat sifatida baholayman. Ayniqsa, Pokiston xalqining O‘zbekistonga nisbatan samimiy munosabati meni chuqur ta’sirlantirgan. Qayerga bormang, Samarqand, Buxoro, Imom Buxoriy, Bobur yoki Navoiy nomi tilga olinadi. Bu esa xalqlarimiz o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlik asrlar davomida saqlanib kelayotganini ko‘rsatadi”, – degan diplomat.

Shuningdek, intervyu davomida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklikning holati hamda ko‘p qirrali ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari xususida so‘z yuritilgan.

Xususan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida yuqori darajada muntazam siyosiy muloqot faollashgani e’tirof etilgan. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 5–6-fevral kunlari Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi tarixiy ahamiyat kasb etgani urg‘ulangan.

Shu bilan birga, intervyuda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning holatiga to‘xtalib o‘tilgan.

“Pokiston–O‘zbekiston muloqotining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish belgilangan. Tizimli sa’y-harakatlar natijasida so‘nggi sakkiz yilda ikki tomonlama savdo hajmi dinamik o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda, uning umumiy hajmi deyarli 12 baravarga oshdi. 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 475 million AQSH dollarini tashkil etdi. Oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yaqin kelajakda 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha aniq maqsadlar belgilangan”, – degan elchi.

Suhbatda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida o‘zaro savdoda eng qulay rejim o‘rnatilgani hamda “Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim” imzolangani qayd etilgan. Ushbu bitim doirasida qator tovar pozitsiyalari uchun tarif imtiyozlari joriy etilgan. Tomonlar mazkur bitim doirasida tovarlar nomenklaturasini kengaytirish bo‘yicha doimiy muloqot olib bormoqda.

Shuningdek, “Transafg‘on” uch tomonlama temir yo‘l loyihasining ahamiyati haqida so‘z yuritilgan.

“Transafg‘on temir yo‘li nafaqat iqtisodiy, balki geostrategik ahamiyatga ega loyihadir. U Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘laydigan yangi transport arteriyasi bo‘lishi mumkin. Ushbu loyihaning to‘liq amalga oshirilishi barcha tomonlar uchun foydalidir. O‘zbekiston bunday infratuzilmaviy loyihalarni mintaqaviy integratsiyaning asosiy ustuni deb biladi”, – degan Alisher To‘xtayev.

Suhbatda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi turistlar almashinuvini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida ham so‘z borgan.

O‘zbekiston elchisi ta’kidlaganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekiston Pokiston fuqarolari uchun viza tartibini sezilarli darajada yengillashtirdi. Bu esa ziyorat turizmi, tarixiy meros turizmi va oilaviy sayohatlar sonining oshishiga xizmat qildi.

“Uzbekistan Airways” va “Centrum Air” tomonidan O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida aviaqatnovlar soni haftasiga 6 taga yetkazildi: Toshkent–Lahor yo‘nalishida 4 ta, Islomobod–Toshkent yo‘nalishida 2 ta reys amalga oshirilmoqda. Yaqin kelajakda Toshkent–Karachi o‘rtasida ham parvozlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, intervyu davomida muxbirning ta’lim, tibbiyot, farmatsevtika va ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlardagi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish istiqbollari hamda Abu Rayhon Beruniy va Mirzo G‘olib merosini birgalikda tadqiq etish imkoniyatlari xususidagi savollariga batafsil javob berilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish