Logo

Sankt-Peterburg shahrida O‘zbekiston madaniyati va turizmiga bag‘ishlangan kecha bo‘lib o‘tdi

Fevral 18, 2026. 10:52 • 2 daq

191
Sankt-Peterburg shahrida O‘zbekiston madaniyati va turizmiga bag‘ishlangan kecha bo‘lib o‘tdi

SANKT-PETERBURG, 20-fevral. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasi vatandoshlar bilan hamkorlikda “Quyoshli O‘zbekistonga tutashgan maʼnaviyat ko‘priklari” mavzusida madaniy tadbir tashkil etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda ishbilarmon doiralar vakillari, madaniyat va taʼlim sohasi xodimlari hamda Rossiyaning shimoliy hududlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz ishtirok etdilar. Kechadan ko‘zlangan asosiy maqsad — O‘zbekistonning boy anʼanalari, madaniyati va ulkan turistik salohiyatini keng targ‘ib qilish, shuningdek, ikki tomonlama biznes hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir avvalida mamlakatimiz diplomatlari ishtirokchilarni qutlab, shaharlar va xalqlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalar izchil rivojlanib borishiga ishonch bildirdilar. Shuningdek, “O‘zbek madaniyatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish markazi — O‘zbek diasporasi” mintaqaviy jamoat tashkiloti raisi Neʼmatjon Mamajonov va “Ko‘priklar o‘rnatib” loyihasi rahbari Liliana Strelsova sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan maʼruza qildilar.

Anjuman ishtirokchilariga xalqimizning mehmondo‘stlik urf-odatlari, mamlakatimizdagi investitsiya muhiti va investorlar uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar haqida batafsil maʼlumot berildi. Tadbir doirasida “Malterra” va “Aerotur” sayyohlik kompaniyalari vakillari Sankt-Peterburg aholisi uchun maxsus ishlab chiqilgan yangi turistik yo‘nalishlar va dasturlar taqdimotini o‘tkazdilar.

Bu kabi madaniy-maʼrifiy uchrashuvlar Rossiya hududlarida O‘zbekistonning ijobiy imijini mustahkamlash va sayyohlar oqimini ko‘paytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish