Baxtiyor Saidov: Serbiyani O‘zbekistonning Yevropadagi ishonchli hamkorlaridan biri sifatida qadrlaymiz
May 06, 2026. 14:26 • 2 daq
• 371
TOSHKENT, 6-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Serbiya tashqi ishlar vaziri Marko Djurich bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Bugun vazirlikda Serbiya tashqi ishlar vaziri Marko Djurich janoblari bilan mazmunli va konstruktiv muzokaralar o‘tkazdik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Suhbat davomida O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi siyosiy muloqotni yanada faollashtirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, investitsiyaviy loyihalarni ilgari surish hamda transport, sanoat, turizm va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qildik.
Ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi yaqin va tizimli hamkorlikni davom ettirish, siyosiy maslahatlashuvlar mexanizmlarini yana-da faollashtirish hamda yangi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish muhim ekanini taʼkidladik.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amaliy mazmun bilan boyitish, ikki davlat rahbarlari belgilab bergan vazifalar ijrosini taʼminlash va yaqin istiqboldagi oliy darajadagi tashriflarga puxta tayyorgarlik ko‘rishga alohida eʼtibor qaratdik.
Serbiyani O‘zbekistonning Yevropadagi ishonchli hamkorlaridan biri sifatida qadrlaymiz. Ikki tomonlama munosabatlarning bugungi surʼati mamlakatlarimiz o‘rtasidagi sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonamiz”.
“Dunyo” AA olgan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi