Baxtiyor Saidov: Janubiy Afrika – O‘zbekistonning ushbu qit’adagi muhim hamkorlaridan biri
Oktabr 01, 2026. 21:05 • 2 daq
• 133
TOSHKЕNT, 1-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bugun Janubiy Afrika Respublikasi xalqaro munosabatlar va hamkorlik vaziri Ronald Ozzi Lamola bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Bugun Janubiy Afrika Respublikasining xalqaro aloqalar va hamkorlik vaziri Ronald Ozzi Lamola bilan telefon orqali samimiy va mazmunli muloqot o‘tkazdik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Janubiy Afrika – O‘zbekistonning ushbu qit’adagi muhim hamkorlaridan biri. Bugun munosabatlarimizda yangi sur’at shakllanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdik.
Siyosiy muloqotni yanada faollashtirish, savdo va investitsiya aloqalarini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni ilgari surish bo‘yicha aniq qadamlarni belgilab oldik.
Qo‘shilmaslik harakati doirasidagi hamkorlikka to‘xtalib, O‘zbekistonning 2027–2030-yillardagi raisligi davrida o‘tkaziladigan tadbirlarda Janubiy Afrika tomonining faol ishtirokidan manfaatdor ekanimizni bildirdik.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyani ishga tushirish va ikki tomonlama huquqiy bazani takomillashtirish masalalarini ko‘rib chiqdik.
Hamkasbim bilan yaqin orada shaxsan uchrashib, bugungi muloqotimizda belgilangan rejalarni birgalikda ilgari surishga kelishib oldik”.
Eslatib o‘tamiz, sentabr oyi oxirida Yoxannesburgda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan birinchi O‘zbekiston – Janubiy Afrika biznes-forumi bo‘lib o‘tgan edi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi