Logo

AQShdagi yosh vatandoshlar Yangi O'zbekistonni barpo etishda faol ishtirok etishga tayyor

Dekabr 29, 2024. 13:49 • 2 daq

1211
AQShdagi yosh vatandoshlar Yangi O'zbekistonni barpo etishda faol ishtirok etishga tayyor

VASHINGTON, 30-dekabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasida AQShda ta'lim olayotgan va mehnat qilayotgan faol vatandosh yoshlar bilan uchrashuv bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda O'zbekistonda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati, ular uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, ta'lim sohasidagi islohotlar, AQSh bilan hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, yoshlar tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Yig'ilganlarga yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning ijobiy natijalar, AQShdagi vatandoshlarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha ko'rilayotgan chora-tadbirlar, jumladan, yaqinda tashkil etilgan "Ildiz" platformasi hamda O'zbekiston-AQSh munosabatlarning hozirgi holati haqida so'zlab berildi.

O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lishi sari tashlanayotgan muhim qadamlar va AQSh bilan o'zaro savdo hajmining jadal o'sib borayotganiga e'tibor qaratildi.

2023-2024 o'quv yilida AQShda tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar soni 1219 nafarga yetgani, bu ko'rsatgich 2017-yilga nisbatan ikki baravarga oshgani qayd etildi. Shuningdek, 2024-yilda Toshkentda Arizona shtati universiteti bilan hamkorlikda Amerika texnologiyalar universitetining ochilgani ta'kidlandi.

Tadbirda so'zga chiqqan yoshlar ko'plab tashabbuslar ilgari surdilar. AQSh shtatlaridagi o'zbek yoshlar jamoalari bilan hamkorlikda madaniy, ilmiy va ishbilarmonlik tadbirlarini tashkil etish, Amerikada faoliyat yuritayotgan yosh va istiqbolli o'zbek mutaxassislari bazasini shakllantirish, ular bilan turli mavzularda seminar va uchrashuvlar tashkil qilish haqida takliflar shular jumlasidandir.

Shuningdek, o'zbek madaniyatini AQShda yanada ommalashtirish maqsadida media loyihalarni tashkil etishning muhimligi aytib o'tildi.

O'zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda AQShda tahsil olayotgan o'zbek talabalari ittifoqini tashkil etishga alohida e'tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida Amerikadagi yoshlarimizning Yangi O'zbekistonni barpo etish jarayonida faol ishtirokini qo'llab-quvvatlashga kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish