Buyuk Britaniyada yosh vatandoshlar ishtirokida davra suhbati o'tkazildi
Iyun 28, 2024. 11:33 • 2 daq
• 1467
LONDON, 30-iyun. /"Dunyo" AA/. Buyuk Britaniyada "Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili" davlat dasturi doirasida "Uz Youth Network Event" davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbir yosh tadbirkorlar va faol talabalar hamda "Uzbekistan's Club" loyihasining Britaniyadagi hamda xorijdagi asosiy qahramonlari tashabbusi bilan o'tkazildi.
Suhbat davomida O'zbekistonda yoshlar o'rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish va qo'shimcha biznes imkoniyatlarini yaratish bo'yicha hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida batafsil ma'lumot berildi.
Xususan, Buyuk Britaniyadagi Nortumbriya universiteti bitiruvchisi, "Uzbekistan's Club" loyihasi qahramoni Olim G'ulomov hozirda o'z jamoasi bilan birga O'zbekistonda sog'liqni saqlash tizimida amalga oshirayotgan startap loyihasi va zamonaviy sohalarni rivojlantirish bo'yicha mamlakatimizda mavjud imkoniyatlar bilan tanishtirdi.
Uchrashuvda, shuningdek, Buyuk Britaniyada va boshqa xorijiy davlatlarda istiqomat qilayotgan yosh vatandoshlarimizning mamlakatga ko'nikib ketish va qo'rquvni yengish, yangi aloqalarni o'rnatish, ijtimoiy tarmoqlar hamda zamonaviy texnologiyalarning, shu jumladan sun'iy intellektning jamiyat, iqtisodiyot va mehnat bozori kelajagiga ta'siri va boshqa dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir vatandoshlar tomonidan ijobiy qabul qilindi va ularning kasbiy o'sishga intilishlari qo'llab-quvvatlanayotgani alohida ta'kidlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi