Logo

Ukraina OAV: Yangi tashkil etilgan Toshkent xalqaro moliya markazi O‘zbekiston iqtisodiyotini yana-da rivojlantiradi

89
Ukraina OAV: Yangi tashkil etilgan Toshkent xalqaro moliya markazi O‘zbekiston iqtisodiyotini yana-da rivojlantiradi

KIYEV, 11-aprel. /“Dunyo” AA/. Ukrainaning nufuzli “Kyiv Diplomatic” jurnalida O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligi va moliyaviy islohotlariga bag‘ishlangan tahliliy maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 30-martdagi farmoni bilan Toshkent shahrida tashkil etilgan Toshkent xalqaro moliya markazi (TXMM) faoliyati keng yoritilgan.

Qayd etilishicha, ushbu markaz mamlakat moliya sektorini rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda strategik platforma bo‘lib xizmat qiladi. Markazning asosiy maqsadi ­– moliyaviy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish orqali YAIM o‘sishini taʼminlash, xalqaro huquqiy standartlar asosida qulay investitsiya muhitini shakllantirish hamda texnologiya, huquq va moliya sohalarida inson kapitalini rivojlantirishdir.

Maqolada alohida urg‘u berilgan jihatlardan biri – markaz hududida joriy etiladigan alohida huquqiy rejimdir. Xususan, bu yerda Angliya va Uelsning umumiy huquqi normalari hamda odil sudlov prinsiplari to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llaniladi.

Shuningdek, xalqaro investorlar ishtirokidagi nizolarni ko‘rib chiqish uchun Toshkent xalqaro tijorat sudi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Bunday tizim xorijiy sarmoyadorlarning O‘zbekiston bozoriga bo‘lgan ishonchini tubdan oshirishi va mamlakatning global reytinglardagi o‘rnini mustahkamlashi kutilmoqda.

Yangi moliya markazi bank va investitsiya operatsiyalari, sug‘urta, qimmatli qog‘ozlar bilan ishlash, to‘lov tizimlari va raqamli aktivlar kabi keng qamrovli faoliyat turini qamrab oladi. Shu bilan birga, markaz “yashil” moliya va islom moliyasi kabi zamonaviy yo‘nalishlarni rivojlantirish uchun ham asosiy platforma bo‘ladi. Bu yerda auditorlik, konsultatsiya va yuridik xizmatlar ko‘rsatishga ham alohida ruxsat berilgan.

“Kyiv Diplomatic” nashrining xulosa qilishicha, Toshkent xalqaro moliya markazining tashkil etilishi O‘zbekistonning jahon moliya tizimiga integratsiyalashuvini chuqurlashtiradi va mamlakatni mintaqaviy moliyaviy xabga aylantiradi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasidagi axborot hamkorligi doirasida tayyorlangan bo‘lib, Yevropa ishbilarmon doiralarining O‘zbekiston bozoriga bo‘lgan qiziqishini yana-da oshirishga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish