Logo

“Daily News Hungary”: O‘zbekiston yetakchisining Murojaatnomasi mamlakat kelajagining strategik yo‘nalishiga aylandi

Yanvar 08, 2026. 14:34 • 2 daq

257
“Daily News Hungary”: O‘zbekiston yetakchisining Murojaatnomasi mamlakat kelajagining strategik yo‘nalishiga aylandi

BUDAPESHT, 8-yanvar. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning “Daily News Hungary” nashrida O‘zbekiston Prezidentining parlament va xalqqa yo‘llagan Murojaatnomasiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda taʼkidlanishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyoti sifatli va tizimli yangilanishning jadal yo‘lini bosib o‘tdi. Agar 2010-yillarning o‘rtalarida O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining nominal hajmi 60-65 milliard AQSh dollari atrofida bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, bu ko‘rsatkich 145 milliard dollarga yetdi.

Iqtisodiyotning o‘rtacha yillik o‘sish surʼatlari so‘nggi yillarda barqaror ravishda olti foiz atrofida bo‘ldi. Bu nafaqat ijobiy dinamikani saqlab qolishni, balki tashqi tahdidlar – pandemiya, xomashyo va logistika zanjirlaridagi uzilishlar, global inflyatsiya sharoitida iqtisodiyotning barqaror o‘sishga qodirligini ham anglatadi.

Tarmoq ko‘rsatkichlari ushbu xulosani tasdiqlaydi. Sanoat ishlab chiqarish hajmi o‘n yil ichida ikki baravardan ko‘proq o‘sdi, 2010-yillarning boshlarida sanoat xomashyo va qishloq xo‘jaligi tarmoqlariga nisbatan yordamchi rol o‘ynadi. Bugungi kunda mashinasozlik, elektrotexnika va kimyo tarmoqlari iqtisodiyotga barqaror hissa qo‘shmoqda, qayta ishlash tarmoqlarining yalpi ichki mahsulot tarkibidagi ulushi esa 80 foizdan oshdi.

Tashqi savdo dinamikasi bu manzarani yanada kuchaytiradi. So‘nggi o‘n yil ichida O‘zbekistonning eksport tushumi ikki baravardan ko‘proq oshdi: agar 2010-yillarning o‘rtalarida tovarlar va xizmatlar eksporti hajmi 12-13 milliard dollar atrofida bo‘lgan bo‘lsa, so‘nggi yillarda u barqaror ravishda 24-25 milliard dollardan oshmoqda. Bunda o‘sish faqat narx konyunkturasi hisobiga emas, balki taʼminot tarkibining o‘zgarishi oqibatida yuz bergani prinsipial jihatdan muhimdir.

“Makroiqtisodiy muvozanat alohida eʼtiborga loyiq. Iqtisodiyot va investitsiyalarning o‘sishi davlat qarzining nazorat qilinadigan darajasini va moliyaviy barqarorlikni saqlab qolish bilan birga kechdi. Bu ayniqsa muhim, chunki so‘nggi yillar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, tegishli muvozanatsiz jadal o‘sish ko‘pincha kelajakdagi rivojlanish uchun cheklovlar to‘planishiga olib keladi. Murojaatnomada qayd etilishicha, O‘zbekiston ongli ravishda ehtiyotkorona, ammo strategik jihatdan foydali yo‘lni tanlagan”, deb yozilgan maqolada.

Murojaatnoma mazmunining tahlili shuni ko‘rsatadiki, uning ustuvor yo‘nalishlari so‘nggi yillarda jamoatchilik o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarda, fuqarolarning murojaatlarida barqaror qayd etilayotgan muammolarga to‘liq mos keladi. Bandlik, daromadlar, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati, taʼlim va sog‘liqni saqlash sifati, davlat boshqaruvining adolatliligi va samaradorligi diqqat markazida bo‘ladi.

Agar 2017-2018-yillarda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi ikki xonali qiymatlar bilan o‘lchangan bo‘lsa (taxminan 35 foiz), 2024-yilga kelib u 8,9 foizga tushdi. 2025-yilda kambag‘allik darajasining 5,8 foizga qisqarishi mamlakat nafaqat yil oxirigacha qashshoqlik darajasini olti foizga tushirish bo‘yicha ilgari qo‘yilgan maqsadga yaqinlashayotganidan, balki undan ham oshib borayotganidan dalolat beradi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish